Agar rahbar xodimini yoqtirmasa xodim nima qilishi kerak?

Strategiya 17-09-2022 577
Agar rahbar xodimini yoqtirmasa xodim nima qilishi kerak?

Maqolaning qisqacha mazmuni: tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, rahbaringiz bilan bo’lgan munosabatlaringiz ish faoliyatingizdagi o’sishni ta’minlaydigan eng muhim omillardan biridir. Sizda “Rahbarim meni yoqtirmaydi”, degan shubhali fikr bormi? Birinchidan, rahbar yoki menejer bilan o’zaro munosabatlaringiz yaxshi emasligi ularning sizga ishonmasligi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Agar rahbaringiz sizga ishonmasa, ko’pchilik havas qiladigan imkoniyatlarni qo’ldan boy berishingiz yoki kuchaytirilgan boshqaruv tufayli yanada ko’proq qiyinchilikka uchrashingiz mumkin. Rahbaringizning siz haqingizdagi fikrini uning kutuvlarini aniqlashtirish, qobiliyatingizga bo’lgan ishonchni oshirish va siz orqqali faoliyat yuritayotgan joyingiz - korxonaga keladigan foydalarni ko’paytirish bilan tuzatishingiz mumkin. Agar rahbaringiz sizga ishonsa-yu, lekin sizni yoqtirmasa, gapirishdan to’xtang va tinglashni boshlang. Boshlig’ingizni dunyoga uning ko’zlari bilan qarab, bilib olishga harakat qiling va siz ularni asta-sekin o’zingizga ochilib borishini his qila boshlaysiz. Agar rahbariyatdagilar bilan munosabatlaringiz siz o’ylagandek holda bo’lmasa ham umidingizni yo’qotmang. Yondashuvingizni o’zgartiring va o’zaro mustahkam aloqa o’rnatishga sabab bo’ladigan xatti-harakatlarni amalga oshiring.

Ko’nglingizning tub-tubidan siz va rahbaringiz shunchaki do’st bo’lib, o’zaro yaxshi munosabat o’rnata ololmayotgaligingizni his qilyapsizmi? Nima uchun u hamkasblaringiz bilan shunchalik samimiy munosabatda bo’lishga urinayotgani holda, navbat sizga kelganda esa sizdan qochadi yoki sizni ko’rmagan kabi harakat qiladi? U sizga ishonmaydi, yoki undan ham yomoni, sizni yoqtirmaydi deb xavotirlanyapsizmi? O’zingizni g’azabga duchor qilishdan oldin, nima sodir bo’layotganini oqilona baholang va munosabatlaringizda keskinlikni keltirib chiqarayotgan narsani aniqlang. Shunday qilib, o’zaro aloqalarni yaxshilashni ta’minlaydigan izchil reja tuzishingiz mumkin.

Agar muammo ishonchda bo’lsa

Birinchidan, boshdan kechirayotganingiz - bu holat sizga ishonmaslikdan kelib chiqishi mumkinligini ko’rib chiqing. Xo’jayiningiz sizga ishonmasligini bildiradigan belgilar, odatda, ochiq-oydin ko’rinib turadi. Rahbaringiz sizga ishonib topshirilgan vazifalarni risoladagidek bajara olmaysiz deb o’ylashining eng aniq belgisi bu sizning hamkasblaringizga qaraganda sizga nisbatan ahamiyati oz bo’lgan ishlar topshiriladi. Sizga ishonch bildirmasliklarining bilinar-bilinmas belgilaridan yana biri shuki, muhim loyihalarda tajribali bir xodim bilan doimiy ravishda biriktirilasiz yoki hammadan ko’ra ko’proq nazorat ostida bo’lasiz. Ishonchsiz rahbar, shuningdek, korxonadan qarz olish, ishdagi o’sishni yoki olg’a siljishni ta’minlovchi jabhalarda ham sizga yon bosmaydi va bu, o’z navbatida, turli imtiyozlar sizni “aylanib o’tishiga” sabab bo’ladi. Agar ish joyida shunaqa yomon munosabatlarga uchrayotgan bo’lsangiz, demak, rahbariyat ishonchiga kirish uchun har doimgidan qattiqroq harakat qilish vaqti keldi.

Boshliqning ishonch doirasiga kirish uchun oldindan rejalashtirilgan harakatlar ketma-ketligi zarur bo’ladi. Ishni ularning sizdan kutuvlari nima ekanligini aniqlashtirishdan boshlang. O’zim guvoh bo’lganim - ishonch bilan bog’liq muammolarining aksariyati o’zi nimani xohlashini ham bilmaydigan rahbarlar sababli kelib chiqadi. Yillik rivojlanish rejalarini muhokama qilayotganda yoki har oy yakkama-yakka tashkil etiladigan majlislarda: “Mening pozitsiyamdagi xodimdan bu ish uchun qanday hissalar qo’shilishini kutmoqdasiz?”, “Qanday qilib bu ishga qo’shimcha qiymat qo’sha olaman?” yoki “Men loyihadagi qaysi sohalarni rivojlantirishim eng muhim deb bilasiz?” kabi savollar berish orqali, rahbaringiz kompaniyada sizning timsolingizda aynan kimni ko’rishni xohlashini aniqlab oling. Agar siz yangi vazifa yoki loyihani boshlayotgan bo’lsangiz, savollaringizni o’rtaga aniq qilib qo’ying: “Agar men bu borada juda yaxshi ish qilmoqchi bo’lsam, unda u ishni nimada ko’rishni xohlaysiz?” kabi. Shuningdek, kelajakdagi faoliyatingiz haqida savollar bering. Rahbaringizni faqat hozirgi vaziyatni yaxshilashga emas, balki kelgusi istiqbollarni ham yanada chiroyli qilish haqida o’ylashga undang hamda bu orqali ular kutgandanda yaxshiroq xizmat qila olishingiz mumkinligini bildiring. Xo’jayiningiz faoliyatingizning qonuniy tomonidan so’z ochganda esa, u kishiga bu borada ham yordam berish uchun chaqqon dastyor bo’lishga intiling.

Kutilayotgan narsani, ya’ni ishonchni aniq his qilganingizdan so’ng, boshlig’ingiz sizning ham qobiliyatli kadr ekaningizni anglashi uchun keng qamrovli harakat kerak bo’ladi. Ishda yuksalish haqida suhbat qilish uchun boshlig’ingiz bilan muvaffaqiyatga erishish uchun qanday bilim, ko’nikma hamda tajribalar talab qilinishi haqida gaplashing. Kuchni zaiflik bilan bog’lang. Masalan, siz aytishingiz mumkin: “Men ushbu yetkazib beruvchilar bilan ishlash bo’yicha uch yillik tajribaga egaman. Ular bilan hisob-kitobni tezlashtirish uchun gaplaship ko’rsam maylimi?” Zaif tomonlaringizni vakolatingizni shubha ostiga qo’ygan rahbarga ko’rsatish juda qiziq bo’lib tuyulishi mumkin. Shunday qilish rahbariyatdan nimanidir yashirishga urinib ko’rishingiz mumkin degan havotirni yo’q qiladi. Shunga o’xshab, sizda hamkasblaringizdan yordam so’rash muammoni yanada chigallashtiradimi, degan savol tug’ilishi mumkin. Bilishingiz zarurki, qisqa muddatda rahbarning ishonchiga ega bo’lgan kadrlar bilan aloqa bog’lash orqali rahbar nazdida e’tiborli va hurmatli bo’lish ham oqilona strategiyadir.

Faoliyatingizning ishonchlilik tomonini mustahkamlash uchun tez-tez ish-belgilamalar qilib turing. Bu ham rahbaringizda siz eng yaxshi nazorat detaliga ega ekanligingiz haqidagi fikrni kuchaytiradi va shu bilan birga unga, agar zarur bo’lsa, tuzatishlar kiritib turishining ham imkoniyatini beradi. Sizga biror-bir ish topshirilganidan so’ng yondashuvingizni rejalashtirish uchun biroz vaqt ajrating va qisqacha ma’lumot almashish uchun vaqtinchalik qoralama tuting. “Janob (yoki xonim), hozir men mana bu ishga qanday yondashishni o’ylayapman, lekin uni yanada yaxshiroq bajarishim uchun yana nimani ziyoda qilishimni xohlaysiz?” kabi savollar berib, ulardan ham fikr-mulohaza olishga urining. Rejangizni amalga oshirganingizdan so’ng, hech bo’lmaganda bir nechta oraliq hisobotlarni taqdim eting. Bu sizning muvaffaqiyatga erishayotganingizni aniq ko’rsatib beradi. Ushbu yangilanishlar haqida hotirjam bo’ling va haqiqatan ham o’zingizga topshirilgan vazifani uddasidan chiqishga qodir ekanligingizni butun jamoaga isbotlab qo’ying. Ushbu bosqichda qo’rqoq yoki tortinchoq bo’lish faqat va faqat zararingizga xizmat qiladi hamda rahbaringizning xafsalasini pir qilgani qoladi, xolos.

Agar rahbaringiz sizga ishonmasa, qilinishi va qilinmasligi zarur bo’lgan boshqa ishlar ham bor. Bu adolatsizlik bo’lib tuyulishi mumkin bo’lsa-da, noto’g’ri taqsimlangan topshiriqlarga norozilik bildirmang. Xavf shundaki, siz xo’jayiningizni o’zini o’zi himoya qiladigan rejimga o’tkazib qo’yasiz. Bu esa rahbaringiz barcha detallarga e’tibor berishiga va “Bu nega yanada qiyin ishlarni bajarmasligi kerak ekan?” degan xayolga borishigacha sabab bo’ladi. Buning o’rniga, ishonch uchun kurashayotganda shaffof va har doim hozir-u nozir bo’ling. Sizning instinktingiz har qanday muammolarni yashirish va so’nggi daqiqada yechim topish uchun qizg’in ishlashi mumkin, ammo rahbaringizni ajablantiradigan narsa shuki, agar u ishlamasa, harakatlaringiz munosabatlaringizga zarar yetkazishi mumkin. Va agar xo’jayiningiz hali ham sizga ishonmasa, oddiy ishchidan qahramonga aylanishga unchalik shoshilmang. Buning o’rniga boshlig’ingizning sizdan qanday faoliyat ko’rsatishingizni kutayotganini aniqlab, o’z imkoniyatlaringizni namoyish eting va vazifani a’lo darajada uddalaydigan xodim sifatida ishxonada yetarlicha obro’ga ega bo’ling.

Agar o’zaro aloqa muammo bo’lsa

Xo’jayiningiz sizga ishonmasligi balki u sizni yoqtirmasligidandir? Uning siz bilan o’zini erkin his qilmasligi belgilari sizning vakolatingiz haqida tashvish qiladigan belgilardan farq qiladi. Birinchidan, rahbaringiz siz bilan gaplashganda ko’zingizga qarab suhbat qiladimi, shu jihatga e’tibor qiling. Bu odamlar bir-biri bilan qanchalik iliq munosabatlarda ekanligini ifodalab beradigan eng aniq ko’rsatkichlaridan biridir. Munosabatlar bo’yicha ekspert Nik Morganning ta’kidlashicha, insonning ong osti ko’z bilan aloqa qilish va boshqa tana tilidan kelib chiqadigan narsalardan ishora olishda juda samaralidir. Agar rahbaringiz hamkasblaringizga qaraganda sizdan ko’zini sezilarli darajada olib qochsa, bu u siz bilan aloqalarda o’zini erkin his qilmasligining bir belgisidir. Aloqaning yana bir o’lchovi bu rahbaringiz siz bilan o’zaro aloqada bo’lish uchun vaqt sarflashdan qochadimi yoki yo’qmi, agar xonaga kirib kelganingizda u xonadan chiqib ketsa yoki videokonferensiyaga qo’shilgan paytingizda gapirishdan to’xtab qolsa, bu u kishining siz bilan samimiy munosabati yo’qligi ehimolidan bo’lishi mumkin. Bu, ayniqsa, rahbar va xodimning o’rtasida ularning yoshi, jinsi, madaniyati yoki yashash tarzi bo’yicha tafovut bo’lsa, ko’p kuzatiladigan holatdir. Agar so’zlaringizdagi tashbehlar-u istioralar yoki hazil-mutoyibalar rahbaringiz uchun ahamiyatsiz bo’lsa ham shundaydir.

Eslatma: rahbaringiz sizni yoqtirmasligi haqida juda ko’p fikr yuritishdan oldin u sizga va boshqalarga qilayotgan munosabatlarda qanday farqlarni yuzaga keltirayotganini sezmayotgangiz haqida ham bosh qotirib ko’ring. Ijtimoiy jihatdan kirishimli bo’lmagan, balki odamovi bo’lgan rahbarlar ham bor. Bu jihat sizni rahbar bilan munosabatlaringiz haqida ko’p tashvishlanishdan ko’ra masalaga umumiy yechim qidirishga yo’naltiradi.

Agar rahbaringiz bilan aloqangizni mustahkamlamoqchi bo’lsangiz, muloqotni ish masalalari bo’yicha suhbatlar bilan boshlang. Kerakli mavzularga e’tibor berish rahbaringiz diqqatini jalb qiladi va bu narsa iliq suhbatga kirishish uchun imkoniyat yaratadi. Masalan, “Men uchun ilmiy-tadqiqot sohasida orttirgan tajribangiz juda qiziq. Ishimizda ilmiy-tadqiqotning qaysi qismidan istifoda olishimiz mumkin deb o’ylaysiz?” kabi savollar bilan o’zingizga va faoliyatingizzga e’tibor jalb qiling. Ishga oid mavzularga “yopishib olish”, rahbaringizning shaxsiy hayotini surishtirganingizdan ko’ra yaxshiroq. Suhbat payti xo’jayiningiz nimani qadrlashini bilib olishga ham e’tibor bering. Rahbaringizni qiziqish va diqqat bilan kuzatayotganingizni, u kishidan ko’p narsalar o’rganayotganingizni o’ziga ham bildiring, masalan, “Rejalashtirilganidek bo’lmagan ilmiy-tadqiqot loyihalari haqida gapirishingizni eshitish juda qiziqarli. Jamoamizda biz voqif bo’lishimiz zarur bo’lgan xavf-xatarlarga qarshi qanday qilib ehtiyot choralarini ko’rishi mumkin?” kabi savollar berish bilan bilim va ko’nikmalaringizni ham oshirib boring. Rahbarning xarakterini ochadigan narsalarni o’rganishga sarflagan vaqtingiz o’zaro munosabatlarni ularning uslubiga moslashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, odamlar o’zlarini yoqtirgan odamlarni yoqtirishga moyil bo’ladi. Agar xo’jayiningiz sizni ham yoqtirishini xohlasangiz, birinchi bo’lib o’zingiz uni yoqtiring.

Endi rahbaringiz bilan yanada mustahkam munosabatlarni o’rnatish uchun nimalar deyishni bilasiz. Asosiy kerak bo’lgan ko’nikmalar egallangandan so’ng, tana tilini (ingliz tilida – body language) qo’llashga o’tishingiz mumkin. Tana tili mutaxassisi Mark Bowden sizga suhbat chog’ida ochiq kaft imo-ishoralaridan foydalanishingizni maslahat beradi, chunki ular rahbaringizda sizga ko’proq bog’lanish hissini tug’diradi. Bowden haqiqat deb ataydigan ushbu hislatni kashf qilganingizda siz samimiylikdan boshqa “qurolingiz” yo’qligini suhbatdoshingizga namoyish qilyayotgan bo’lasiz. Bu tufayli rahbaringiz tabiiy ravishda o’zini siz bilan yanada erkin his qila boshlaydi. Rahbar bilan aloqani yaxshilash uchun tana tilidan foydalanishning yana bir varianti - bu ko’z bilan kontakt qilishni minimallashtirishdir. Yuqorida aytib o’tilgandek, ba’zi odamlar suhbatdoshining ko’zlariga qarab gapirishdan uyalishadi yoki tortinishadi. Agar bu sizning rahbaringizga ham taalluqli holat bo’lsa, uning nigohlarini tutib olishga urinishlaringiz juda tajovuzkor yoki eng kamida samarasiz bo’lishi mumkin. Agar shunday bo’lsa, rahbaringiz bilan to’g’rima-to’g’ri holatda suhbatlashishdan saqlaning. Ya’ni ularning yonida turib suhbatlashing (majlislarda to’g’risiga emas, yoniga o’tiring yoki yonma-yon yurganingizda gaplashib keting). Rahbaringiz maslahatlarini tinglash va shunga mutanosib ravishda tana tilingizni moslashtirish u bilan aloqangizni mustahkamlashga yordam beradi.

Diqqat markazingizni kengaytiring

Instinktlaringiz rahbaringiz ishonchini qozonishga urinishda sizni to’g’ri yo’ldan ozdirishi mumkin bo’lganidek, ular rahbaringiz sizni yoqtirishga harakat qilganida ham sizga xizmat qilishi mumkin. Birinchidan, har qanday odamda ham salbiy qarashlar mavjud va siz asli mavjud bo’lmagan muammoni hal qilishga urinayotgan bo’lishingiz mumkin. Ehtimol, rahbaringiz ko’zingizga tik qaramas yoki qisqa suhbatlardan ham o’zini olib qochar, yoki hazillaringizga kulmas. Ammo bu sizni yoqtirmagani uchun emas, juda ko’p bosim ostida bo’lgani uchundir balki? Ayniqsa, agar siz ishga yaqinda kelgan bo’lsangiz, hamma ishni tashlab rahbaringizning fe’l-atvori va xatti-harakatlarini o’rganish uchun chuqur kirishib ketmang. Agar boshlig’ingiz sizni yoqtirmasligiga amin bo’lsangiz ham, vahima qilmang. Rahbaringizning atrofida, kerak bo’lsa, girdikapalak bo’ling. Ammo keraksiz e’tibor juda ko’p bo’lsa, rahbar yanada ko’proq ortga chekinishi mumkin. Hamkasblaringizga rahbaringiz haqida shikoyat qilishdan ham saqlaning. G’iybat vaziyatni faqat va faqat yomonlashtiradi. Haddan tashqari ko’p harakat qilish o’rniga, vaqtdan unumli foydalaning (masalan, yig’ilishlardan oldin va keyin, liftda, konferensiya qo’ng’iroqlariga qo’shilishdan oldin rahbaringiz bilan do’stona suhbatlashishga urinib qoling) va uning fikrlari bilan chinakam qiziqishingizni ko’rsating.

Yakuniy eslatma

Boshliq bilan bo’lgan munosabatingiz ustida ishlayotganingizda, boshqa joyda ham koalitsiya qurishni boshlang. Hamkasblar bilan bo’lgan munosabatlaringizga ham sarmoya kiritishga bee’tibor bo’lmang; agar ular sizga yoqsa va sizga ishonsa, ularning his-tuyg’ulari boshlig’ingizga ham ta’sir qilishi mumkin. Agar hamkasblaringiz sizni jamoa uchun katta boylik deb hisoblasa, rahbaringiz o’zining siz haqingizdagi yomon taassurotlarini o’zgartirishga majbur bo’ladi. Shuningdek, rahbaringizdan tashqari tashkilotdagi boshqa potentsial homiylarni aniqlash ham juda muhimdir. Ishxonada sizga mentorlik qilishi mumkin bo’lgan biror kadr bormi? Boshqa rahbarlar bilan ham boshqa loyihalarda ishlash imkoniyati bormi? Agar shunday bo’lsa, bu aloqalar rahbaringiz bilan iliq munosabatlarni tiklay olmasangiz, faoliyat doirasida e’tibordan chetda qolishingiz xavfini kamaytiradi. Va nihoyat, ishdan tashqari do’stlaringiz bilan dam olish va bog’lanib turish imkoniyati bilan o’zingizning moslashuvchanlik qobiliyatlaringizga ham vaqt sarflashga harakat qiling. O’zingizni qadrsiz his qilish juda og’ir. Shuning uchun sizni qadrlaydiganlarga vaqt ajratishni unutmang.

Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, rahbaringiz bilan bo’lgan munosabatlaringiz ish faoliyatingizdagi o’sishni ta’minlaydigan eng muhim omillardan biridir. Sizda “Rahbarim meni yoqtirmaydi”, degan shubhali fikr bormi? Birinchidan, rahbar yoki menejer bilan o’zaro munosabatlaringiz yaxshi emasligi ularning sizga ishonmasligi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Agar rahbaringiz sizga ishonmasa, ko’pchilik havas qiladigan imkoniyatlarni qo’ldan boy berishingiz yoki kuchaytirilgan boshqaruv tufayli yanada ko’proq qiyinchilikka uchrashingiz mumkin. Rahbaringizning siz haqingizdagi fikrini uning kutuvlarini aniqlashtirish, qobiliyatingizga bo’lgan ishonchni oshirish va siz orqqali faoliyat yuritayotgan joyingiz - korxonaga keladigan foydalarni ko’paytirish bilan tuzatishingiz mumkin. Agar rahbaringiz sizga ishonsa-yu, lekin sizni yoqtirmasa, gapirishdan to’xtang va tinglashni boshlang. Boshlig’ingizni dunyoga uning ko’zlari bilan qarab, bilib olishga harakat qiling va siz ularni asta-sekin o’zingizga ochilib borishini his qila boshlaysiz. Agar rahbariyatdagilar bilan munosabatlaringiz siz o’ylagandek holda bo’lmasa ham umidingizni yo’qotmang. Yondashuvingizni o’zgartiring va o’zaro mustahkam aloqa o’rnatishga sabab bo’ladigan xatti-harakatlarni amalga oshiring.

Muallif: Lian Deyvi

Manba: HBR.org

Ingliz tilidan Qobiljon Sobirjon o’g’li tarjimasi

×