Biznesdagi etiket qoidalari nimadan boshlanadi?
Hamkasblaringiz bilan birga dam olish kuni bo‘ladimi, yoki mijozlar bilan yil yakunidagi kechki taommi, ish doirasida biror tadbirda ishtirok etishdan avval biznesdagi odob-axloq qoidalari bilan tanishib chiqishingiz ayni muddao bo‘ladi, degan umiddamiz.
"Biznesning asosiy shartlari" nomli kitob muallifi Barbara Patcher o‘zining kitobida quyidagicha yozadi: "Insonlar ijtimoiy axloq-odob normalariga rioya qilishlari lozim". Uning ko‘plab tavsiyalari hayotda amalga tatbiq qilsa bo‘ladigan tavsiyalar bo‘lgani sababli quyida bir qancha muhim etiket (odob-axloq) qoidalari bilan tanishib chiqishingizni va ularga so‘zsiz amal qilishingizni tavsiya qilamiz.
1. O‘zni tanishtirish
Kimgadir o‘zingizni tanishtirayotgan paytingizda o‘rningizdan turing. Bu o‘z savlatingiz borligini bildirishga xizmat qiladi.
2. Risoladagidek tanishtirish
O‘zingizni tanishtirayotganingizda ism-sharifingizni to‘liq ayting.
3. Qo‘l berib so‘rashish
Agar mezbon yoki yuqoriroq darajadagi odam bo‘lsangiz, birinchi bo‘lib qo‘l uzating. Qo‘l berib ko‘rishishning muhimligini inkor qilmang. Amerika Qo‘shma Shtatlarida bu usul rasmiy so‘zlashuv uslubi hisoblanadi.
4. Dress code - kiyinish madaniyatiga ahamiyat berish
Tashrif buyurayotganingiz yoxud ishtirok etayotganingiz - tadbir, kechki taom, taqdimot - bularning barchasiga qanday kiyinib borishingizga eʼtiborli bo‘ling. Chunki insonlar sizni kiyinishingizga qarab kutib olishadi va o‘zingizni tutishingizga qarab kuzatib qo‘yishadi.
5. Minnatdorchilik izhor qilishda meʼyorni bilish
Suhbat davomida bir yoki ikki marotaba rahmat aytish bilan kifoyalaning, chunki bu so‘zni ko‘p marotaba ishlatib yuborish haybatingizni ketkazadi, so‘zingiz qiymatini tushiradi va sizni ham kimningdir mulozamatiga muhtojdek ko‘rsatib qo‘yadi.
6. Tashakkurnomalar yuborish
Har bir mijozingiz yoki hamkoringizga alohida-alohida tashakkurnomalar yo‘llang. Suhbatdan o‘tish/o‘tkazish jarayonida ham elektron pochtangiz yoxud shaxsan xat yozish orqali barcha ko‘rishgan kishilaringizga iliq rahmatlar yo‘llab chiqing.
7. Telefonni cho‘ntakka solib qo‘yish
Uchrashuv davomida telefondan foydalanmang va uni qo‘lingizda olib yurmang. Bu juda xunuk ko‘rinadi.
8. Ijtimoiy tarmoqlarga rasmiy suratlarni joylab borish
LikedIn va boshqa sahifalaringiz uchun sohil bo‘yida yoxud plyajda tushgan suratlaringizni qo‘ymang. Keyinchalik hamkorlaringiz oldida biznesmen sifatidagi jiddiy qiyofangizni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin.
9. E-maillarni nazorat qilib borish
Har doim elektron pochtangizni nazorat qilib turing. Bu sizning boshqa odamga adashib xabar yuborib, hijolatda qolishingizning oldini oladi.
10. Esdan chiqarganda, tan olish
Agar kimnidir ismini esdan chiqarib qo‘ysangiz, buni tan oling. Bu fojia emas. Suhbatdoshdan uzr so‘rab, keyin ismini ham so‘rab oling.
11. Doim birinchi salom berish
Ishdagi hamkasblar bilan har kuni salomlashing. Tanigan-tanimagan odamingizga salom berishdan tortinmang.
12. Qo‘l harakatlariga eʼtiborli bo‘lish
Kimnidir ko‘rsatish kerak bo‘lsa, barmoqlaringizni jamlab ko‘rsating. Aslo ko‘rsatkich barmog‘ingizni bigiz qilib birovni ko‘rsatmang. Bu - odobsizlikdir. Buning o‘rniga qo‘lingizni jamlab, odob bilan ishora qilishga o‘rganing.
13. Hamroh o‘z stulini o‘zi tog‘irlashi
Barbara Patcherga ko‘ra, biznes anjumanlarda restoran va kafelarda uyushtiriladigan bazmlardagi kabi mulozamat ko‘rsatib, hamrohning stuli to‘g‘irlab berilmaydi. Chunki biznesda baʼzi gender qoidalari chetga surib qo‘yiladi. Ha, mehmon uchun eshikni ochib, unga peshvoz chiqish odobdan, lekin uning kursisini to‘g‘irlab berishga hojat yo‘q. Chunki biznes uchrashuvlar rasmiy doirada o‘tkaziladigan tadbirlar sirasiga kiradi.
14. Restoranda qimmat taom buyurtma qilmaslik
Biznes nonushta yoki tushlikda juda qimmat taomlar buyurtma qilmang. Mezboningizning ra'yiga qarang. Agar u qimmatroq biror taom buyurtma qilishga qarshi bo‘lmasa, unda ayni muddao. Aks holda, cho‘ntakka og‘ir kelmaydigan biror taom, masalan, qovurilgan tovuq yaxshi yechim.
15. Ko‘p taom buyurtma qilmang
Mehmoningiz/mezboningiz bilan bir xil miqdorda taom buyurtma qiling. Bu ham kichik, ammo muhim etiket qoidalaridan biri hisoblanadi.
16. Ovqat xaltasi so‘ramaslik
Chunki Patcher aytadiki: "Siz biznes uchrashuv uchun tashrif buyurgansiz, qolgan-qutgan yeguliklarni yig‘ib kelish uchun emas".
17. Mezbon yegulik uchun to‘lashi
Mezbon doim to‘lashi lozim. Mezbonmisiz, demak, to‘lovni siz qilishingiz kerak. Bunda gender ahamiyat kasb etmaydi.
18. Ko‘p ichimlik ichmaslik
Bu o‘zingizni noqulay his qilishingizga sabab bo‘ladi
19. Suhbatni chiroyli yakunlash
Har bir yig‘ilish, uchrashuv, suhbat so‘ngida suhbatdoshingiz bilan chiroyli suratda xayrlashishga odatlaning. Bu ularda siz haqingizda yaxshi taassurot qoldirishga va ularning sizga bo‘lgan hurmati oshishiga sabab bo‘ladi.
Muallif: Katie Sweency
Manba: mydomaine.com
Qobiljon Sobirjon o‘g‘li tarjimasi