Kia va Hyundai o'z avtomobillarini sun`iy ong yordamchisi bilan jihozlaydi

Hi-Tech 29-12-2017 1682
Kia va Hyundai o'z avtomobillarini sun`iy ong yordamchisi bilan jihozlaydi

Janubiy Koreyaning eng yirik ikkita avtomobilsozlik konserni Hyundai va Kia avtomobillari 2019 yildan boshlab sun`iy ong negizida yaratilgan virtual yordamchi – AI-assistent bilan jihozlanadi. Bu tizim haydovchilar va yo'lovchilarga turli vaziyatlarda yordam beradi va ularning safarlarini maksimal qulay va ortiqcha harakatlardan xoli qiladi.

Yordamchi, misol uchun, SoundHound servisi yordamida radioda qanday qo'shiq yangrayotganini aniqlab, uni ayta olishi mumkin. U haydovchi ayni vaqtda qayerga yo'nalayotganini aniqlashga urinib, voqealarni oldindan baholashga harakat qiladi va agar uning “o'ylari” to'g'ri chiqsa, unda yakuniy manzilgacha yo'lni o'zi tuzib chiqadi. Tizim bunda avtomobil egasining taqvimidagi yozuvlari, odatlari va turmushining o'ziga xos jihatlari, kunning qismiga tayanadi.

Virtual yordamchi yo'lovchilarga ob-havo haqida ma`lumot beradi, dunyo va mahalliy yangiliklar ichidan eng qiziqlarini tanlab, ularni qisqa va tushunarli shaklda so'zlay oladi. Tizim, shubhasiz, odamlar bilan Google, Siri, Alexa yordamchilari kabi ovozli buyruqlar yordamida muloqot qila oladi. Bu tizim ommaga 2018 yil boshida boshlanadigan CES ko'rgazmasi doirasida namoyish qilinadi.

×