Pulni boshqarishning eng yaxshi 4 usuli (​uchinchi maqola)

Strategiya 22-10-2021 854

Uchinchi maqola

Qora kunga pul jamg‘arib boring

Syurprizlar moliyaviy ahvolingiz yaxshi bo‘lmaganda qo‘rqinchli tus olishi mumkin. Mashinangiz kutilmaganda buzilib qolsa, to‘satdan shifoxonaga tushib qolsangiz, ishingizdan ayrilsangiz yoki boshqa kutilmaganda ro‘y beradigan xarajatlar sizni yana tezda qarz olishga majbur qilishi mumkin. Bunday holatda moliyaviy barqarorlik yo‘qolishi aniq. Qora kunlarga ham oz-ozdan mablag‘ saqlab qo‘yish sizga ana shu syurprizlarga tayyor turish imkonini beradi.

Albatta, bu kabi pul jamg‘arishlar vaqt talab qiladigan jarayon. Hammasi bo‘lib, uch oydan olti oygacha bo‘lgan davrda topadigan daromadingiz miqdorida zaxirangiz bo‘lgani maqsadga muvofiqdir. Biroq bu ideal miqdordir. Og‘ir vaziyatlar uchun olib qo‘yadigan har bir so‘mingiz, aslida, katta qiymat kasb etadi.

Agar hamon qarzlaringizdan qutilmagan bo‘lsangiz ham to‘xtab qolmang, imkoningiz qadar pul yig‘ib boravering. Oy oxirida yig‘ilgan mablag‘larni alohida hisob raqamingizga o‘tkazib qo‘ying.

Pulingizni tejang va sarmoya kiriting

Qarzga olingan pullarni to‘liq qaytarib bo‘lganingizdan keyin barcha kundalik chiqimlaringizga pul ajratib, ortgan mablag‘dan investitsiyalar kiritish orqali foydalanishingiz mumkin. Investitsiyangizni nimaga yo‘naltirishingiz esa yoshingiz, yashash tarzingiz va qadriyatlaringizga bog‘liq.

Qora kunlarga olib qo‘yilgan pullardan tashqari nafaqangiz uchun ham fond ochishingiz zarur bo‘ladi. Shuningdek, siz quyidagi xarajatlar oqimini ham eʼtibordan chetda qoldirmasligingiz darkor. Ular quyidagilar:

1. Bolalaringiz taʼlimi;

2. Sayohat va yo‘l xarajatlari;

3. Mashina, uy jihozlarini taʼmirlash chiqimlari;

4. Shaxsiy biznes boshlash uchun mablag‘;

5. Qaramog‘ingizdagi kishilar nafaqasi;

6. Uzoq muddatli davolov va muolaja olish xarajatlari va boshqalar.

Har doim bir xil qiymatda mablag‘laringizni yig‘ib borsangiz, ularni maqsadlaringizga erishish yo‘lida ishlatish oson bo‘ladi. Agar ortiqcha pulingiz sizga ko‘p yillar mobaynida kerak bo‘lmasa, ularni investitsiyaga yo‘naltiring. Pulingizni sarmoya qilib berganingizda u siz sarmoya kiritgan mahsulotning qiymati bilan birga ortib boradi. Baʼzi sarmoyalar dividend ham to‘laydi. U dividendlar esa daromad sifatida hisob raqamga yechib olinishi yoxud reinvestitsiya qilish orqali umumiy sarmoyaga yana qo‘shib yuborilishi mumkin.

Diqqat: Sarmoyadan foyda olish uzoq vaqt talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Eng muvaffaqiyatli investorlar aql bilan yondashib qolganlardan ertaroq investitsiya kiritish orqali ulardan o‘zib ketadilar. Keyin esa pullari yillar davomida ularga foyda keltirib turadi. Aksincha, aksiyalari beqaror ravishda olib-sotiladigan investorlar pullaridan ko‘p foyda ola olmaydilar.

Sarmoya kiritar ekansiz, portfolioingizni turli-tuman bo‘lishiga eʼtibor berishingiz zarur bo‘ladi. Barcha pulingizni faqat bitta sohaga investitsiya qilishingiz faqat va faqat xavf tug‘diradi, xolos. Chunki pulingiz sarflangan loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, bor pulingizdan ajralasiz. Shuning uchun turli sohalarga sarmoya kiritish tavsiya qilinadi.

Xulosa shuki, qancha pul jamg‘arib borayotganingiz yoki investitsiya qilayotganingizdan qatʼiy nazar, bundan ko‘zlangan maqsadingizni aniq qilib oling. Nima uchun pul topayotganingizni biling, xoh u biror ehtiyoj uchun bo‘lsin, xoh nimadir sotib olish. Bu sizga nafaqat moliyangizni boshqarish, balki qanday turdagi strataplar uchun investitsiya kiritish istiqbolli ekanligini tahlil qilishga ham yordam beradi


Manba: «TheBalance.com» nashri

Qobiljon Sobirjon o‘g‘li tarjimasi

×