Yaxshi yo'lboshchining 40 siri: Qo'rqitib ishlatish madaniyati quldorlik tizimi vaqtidagina samarali bo'lgan

Muvaffaqiyat siri 15-12-2017 1824
Yaxshi yo'lboshchining 40 siri: Qo'rqitib ishlatish madaniyati quldorlik tizimi vaqtidagina samarali bo'lgan

Yo'lboshchi (lider) kompaniyaning rivojlanish yo'nalishi va maqsadini belgilab beradi, jamoani ilhomlantiradi, birlashtiradi va ravnaq toptiradi, deb yozadi ishbilarmon va biznes-murabbiy Vache Davtyan.

1. Statusning buzilishi — hayot uchun tahdiddir. Nega yo'lboshchilarning 90 foizi baxtsiz? Chunki ular doimo status uchun kurashda yashashadi. Status — har qanday insonning eng himoya qilinadigan narsasidir. Statusga daxl qilinishi hayotga tahdid bilan tenglashtiriladi. Qadimgi zamonlarda, o'rni balandroq erkaklar go'shtning kattaroq bo'lagi va eng yaxshi ayollarga egalik qilgan. Statusning buzilishi esa qabiladan quvilish va och-nahor o'lishni bildirgan. Shuning uchun jamiyatdagi o'rnimiz yashash uchun kurashga o'xshaydi — statusim qancha baland bo'lsa, shunchalik muvaffaqiyatli yashayman.

2. Doim statusi uchun kurashayotgan yo'lboshchi — kuchsiz yo'lboshchi. U insonlarni tahqirlab, mikro-menejment bilan mashg'ul bo'ladi va kompaniya vazifalarini yechishga ulgurmaydi. U doimo o'zaro status talashuvchi ojiz insonlarni yig'ib oladi. Alal-oqibatda ziddiyatlar yuzaga keladi va kompaniya uzoq muddatli rejada muvaffaqiyatli bo'la olmaydi.

3. Yo'lboshchi — ilhomlantiradi, menejyer — rag'bat uyg'otadi. Yo'lboshchi kompaniyaning yo'nalish va maqsadlarini aniqlashtiradi, jamoani ilhomlantiradi, birlashtiradi va rivojlantiradi. Menejyer insonlarning yutuqlarini rejalashtiradi, tashkillashtiradi va nazorat qiladi, shuningdek, kompaniyada rag'batlantirish tizimini yaratadi.

4. Rahbarda yo'lboshchilik menejyerlik sifatlarining qanday proporsiyasi bo'lishi kerak? Har qanday insonda ham yo'lboshchi, ham menejyerlik xususiyati bo'ladi. Oddiy xodimda bu nisbat 90 foizga 70 foiz bo'lmog'i kerak. Inson rahbarlik lavozimiga ko'tarilganida proporsiya 50 ga 50 bo'ladi. Oliy toifali rahbar — 70 foiz yo'lboshchi va 30 foiz menejyer bo'ladi.

5. Tashkilot — yo'lboshchining ko'zgusi. Agar tashkilotingizda sizga nimadir yoqmay boshlasa, ko'zguga qarang. Doimo sabablarni o'zingizdan izlang, tashqaridan emas. «U yolg'onchi» deya ko'rmang, «nega men o'zimni aldashlariga yo'l qo'yib berdim», deng.

6. Eng katta xatolardan biri eng yaxshi professionalning yo'lboshchi qilib tayinlanishidir. Eng yaxshi sotuvchi — rahbar, eng yaxshi logist — rahbar bo'ladi. Aslida, yo'lboshchiga mutlaqo boshqa sifatlar kerak! Yo'lboshchi o'z kasbining eng yaxshisi bo'lishi kerak emas.

7. Yo'lboshchi jamoa yaratadi, xodimlarni birlashtiradi. Bu nima, eng yaxshi sotuvchining sifatlarimi? Yo'q, bu mutlaqo boshqacha sifat! Mening hozirgi ijrochi direktorim savdo bo'yicha eng yaxshi menejyer emas, holbuki u savdo qilishni biladi. Bilasizmi nega? U ish vaqtining yarmisini hamkasblariga rivojlanishda yordam berishga sarflar edi. U ularni o'rgatardi, shuning uchun rahbar bo'lib yetishgan.

8. Yo'lboshchi kelajakni ko'ra oladi. Menejyer esa yo'lboshchidan kelajakni «sug'urib oladi» va uni amalga oshirishni rejalashtiradi.

9. Kabinetdan ko'proq chiqib turing. Odamlar bilan ko'proq muloqot qiling. Mening otam Armanistonda zavod direktori bo'lib ishlagan lekin u hech qachon kabinetda o'tirmagan. U zavod bo'ylab yurgan, hamma bilan suhbatlashgan, muammolarni o'rgangan. Mening kompaniyamda «kabinetlarsiz» prinsipi mavjud: barcha rahbarlar joylarda o'z odamlari bilan birga bo'lishadi, bu esa ularga vaziyatni teranroq anglash va tezda masalalarni hal qilishga yordam beradi.

10. Rag'batlantirish vagonlarni bo'shatishda yaxshi ish beradi: bitta vagonni bo'shatsang bir million beraman, uchtasini bo'shatsang — uch million, kabi. Inson esa tuni bilan uchta vagonni bo'shatadi, chunki unga shu uch million kerak, shunga ehtiyoji bor. Ijodiy ishlarda rag'batlantirish mutlaqo aksincha ta`sir qiladi. Rag'batlantira boshladingmi — kreativlik yo'qola boshlaydi. Bir qiziq tadqiqotga ko'ra, insonlarga krossvord yechgani uchun pul to'lay boshlashganda ular vazifani o'zlari sevib yecha boshlaganidan ko'ra yomonroq uddalay boshlashgan.

11. Insonga ikki barobar ko'proq haq to'lay boshlang, 2-3 oydan so'ng u menga yetarli maosh to'lashmayapti, deb hisoblay boshlaydi. Ilhomlantirish, chog'lantirish, bir maqsad yo'lida birlashtirish — motorni butun umrga o't oldiradi.

12. Chog'lantirishga eng katta ta`sir o'tkazuvchi narsa — insonlar o'ziga nisbatan adolatsizlik his qila boshlaganda ro'y beradi. Inson uni eshitishmayotgani, uni odam o'rnida ko'rishmayotganini anglay boshlasa, uning tarvuzi qo'ltig'idan tushadi va sen shu g'oyani yanchib tashladingmi, o'zing uni hayotga tatbiq qil, deydi.

13. Miyamizning 96 foizi — hayvoniy ibtidodan iborat. Bundan tashqari, g'ovaksimon kulrang modda ham borki, u miyaning 4 foizini egallagan ratsional qismi hisoblanadi. Mana shu narsa bizni hayvonlardan farqlab turadi.

14. Har qanday yaxshi yechimlar instinktga qarshi bo'ladi. Biz ayni paytda qilishni xohlayotgan narsamizdan boshqasini qilsak yutamiz. Kimningdir statusini tushirish istagi paydo bo'lganida, ko'pgina holatlarda, aksincha uni oshirish samaraliroq hisoblanadi.

15. Bahs — doimo statusning buzilishi va uning himoyasidir. Bahslar hech qachon oqilona bo'la olmaydi.

16. Yo'lboshchi instinktlarga asoslanmasdan harakat qiladi. Xavf tug'ilgan chog'da insonning uchta bazaviy reaksiyasi — hujum qilish, qochish va sezib qolmasliklari uchun ichakdek cho'zilib yotib olishga javob beruvchi miya qismi — miyachasi ishga tushadi. Qandaydir bir vaziyatni biz hayotimizga tahdid sifatida qabul qilsa, miyamiz jamiki resurslarini yashab qolish uchun miyachaga sarflaydi. Miyaning boshqa qismi esa o'chadi. Hech e`tibor berganmisiz, his-hayajonli bahslar chog'ida o'n yillab birga ishlagan, ko'zingiz tushgan narsalar va insonlarning ismini eslay olmay qolasiz? Siz yo hujum qilishni yo ketishni xohlaysiz, yoki hech narsa qilolmasdan qotib qolasiz. Shu bois yo'lboshchi instinktlarga asoslanib ish ko'rmasligingiz kerak. Avvalo tinchlanib olish kerak.

17. Birovlardan o'zingizga ravo ko'rmaydigan munosabatni boshqalarga qilmang. Aksincha. Boshqalar sizga qanday munosabatda bo'lishini istasangiz, siz ham ularga shunday munosabatda bo'ling.

18. Insonlar o'zgarishlarni yoqtirishmaydi. Biz noma`lumlikni xavfga mengzaymiz. Yo'lboshchi kompaniyada o'zgarishlar amalga oshira boshlasa, yangilikning ma`nisi va foydasi nimalardan iborat ekanligini bir necha bor batafsil tushuntirib berishi kerak. Men shunday vaziyatlarga guvoh bo'lganmanki, ba`zi kompaniyalarda uch oy mobaynida jiddiy o'zgarishlar bo'lishini aytib kelishgani, lekin aynan qanday o'zgarishlar yuz berishi yashirilganida odamlar shunchaki ishdan bo'shab keta boshlashgan. Chunki hech kim ham doimiy tahlika va asabiylashish iskanjasida bo'lishni istamaydi.

19. Insonlarni jarimaga tortmang! Men shu paytgacha jarimaga tortilgan va o'zini adolatli va haqqoniy jarimaga tortilgan deb biluvchi birorta insonni ko'rmaganman. Jarimalar — bu destruktiv vosita. Agar inson sizning xodimlar kriteriyingizga to'g'ri kelmasa, «sizniki» bo'lmasa, uni ushlab turishdan ne foyda? Agar to'g'ri kelsayu, adashsa — uni jazolashdan ne naf? Chog'lantirish asosida ishlang, insonlarni to'g'ri tanlang, «sizniki bo'lmagan» xodimlarni jarimaga tortib, ularning yanada kayfiyatini o'ldirishga sababchi bo'lmang.

20. Qo'rquv qanchalik ko'p bo'lsa, shunchalik ishtirok, ishonch va mas`uliyat kam bo'ladi. Qo'rqitib ishlatish madaniyati quldorlik tizimi vaqtida samarali bo'lgan, hozir u kompaniyaga muvaffaqiyatli bo'lishga xalaqit beradi va rivojlanishni sekinlashtiradi.

21. Yo'lboshchi «xato qilish huquqi»ni beradi. Hech ish qilmayotgan odamgina xatoga yo'l qo'ymaydi. Shuning uchun bir muvaffaqiyat uchun o'nlab xatolarga yo'l qo'yiladi. Bu holatda kompaniyada xato va sovuqqonlik (mas`uliyatsizlik) o'rtasidagi farq aniqlab olinishi kerak.

22. Yaxshi yo'lboshchiga ega kompaniyalarda Losada koeffitsiyenti yuqori bo'ladi. Agar kompaniya ichida ijobiy va salbiy fikr-mulohazalar 3 ga 1 nisbatdan kam bo'lsa, bunday kompaniya uzoq muddatli rejada doimo muvaffaqiyatsiz sanaladi. Tadqiqotlarga ko'ra, eng muvaffaqiyatli kompaniyalarda 1 salbiy fikrga 6–8 ijobiy mulohaza to'g'ri keladi. Bu ko'rsatkichdan yuqori bo'lsa yana bir g'aroyib holat yuzaga keladi — samaradorlik yana pasayadi, kompaniya ichida 12ta ijobiy fikrga 1ta salbiysi to'g'ri kelsa ham bunday kompaniyalar zararga ishlay boshlaydi. Me`yoridan ortiq maqtov bo'lgan joyda aniq ko'zbo'yamachilik bo'ladi.

23. Yo'lboshchi maqtaydi va tashakkur bildiradi. Biz barchamiz tabiatan hadiksiraymiz. Qadimgi zamonlarda baxtli insonlar ko'p ham yashashmagan. Ularda stress gormoni — kortizol darajasi past bo'lgan. Ular beparvo va baxtli alfozda g'ordan chiqib kerishayotgan paytda birinchi bo'lib yirtqichlar hujumiga duchor bo'lishgan. Shuning uchun omon qolgan insonlarning juda ko'pchiligi jonsarak. Yo'lboshchi esa shu jonsaraklikni boshqarishda ularga ko'mak berishi kerak. Xodimlaringizni mitti muvaffaqiyatlariga ham e`tibor berishga harakat qiling.

24. Uch narsa xodimni «ishga tushirish uchun yoqadi»: avtonomlik, maqsad sari yo'nalganlik va professionalizm. Yo'lboshchi xodimlariga ishonadi va ularga qaror chiqarish erkinligini beradi. U xodimlariga o'z oldlariga maqsad qo'yish va unga yetishish uchun yordam beradi.

25. «Muammo» – eng salbiy bo'yoqlarda yangraydigan so'zlardan biri. Uni yaxshisi «masala» yoki «savol» so'zlari bilan almashtirgan ma`qul. Yana bir salbiy bo'yoqlardagi so'z — «yo'q». Mijoz nimani eshitadi? «Yo'q, bo'lmaydi ham». Biz esa kompaniyamizda «yo'q» so'zini «bir haftadan so'ng bo'ladi», «o'rniga boshqasini taklif etishimiz mumkin» so'zlariga almashtirganmiz. Salbiy so'zlardan yana «ammo, lekin, biroq»lar bor, ular o'zi yangragungacha bo'lgan barcha gaplarning qadrini tushiradi. Apple kompaniyasida «ammo», «lekin», «biroq» o'rniga «ma`lum bo'lishicha» iborasi qo'llaniladi.

26. So'kinishni bas qiling. Me`yorsiz leksika energiyani parchalaydi. Hurmat bilan munosabatda bo'lish — yaratishga xizmat qiladi.

27. Xodimlarni sizlashni maslahat beraman. Mijozlar bilan ham. Tadqiqotlarga ko'ra, agar mijozlarni «sen»lasangiz foydaning 20 foizidan quruq qoldim deyavering.

28. Yo'lboshchi ba`zan ketadi. Yo'lboshchilik ba`zida aks tasir ko'rsatadi, ayrim hollarda «Bizga ulkan miqdorda chizib bergan g'oyalaringizni amalga oshirish uchun imkoniyat bering», deb so'rashlari mumkin. Men kompaniyamda tizimli ishni tashkil qilish kerakligini va yangi g'oyalarning doimiy oqimi xalaqit berayotganini anglaganimda yarim yilga kompaniyani tark etganman. Shunda xodimlar: «Vache Gamletovich, qayting! Siz va energiyangiz kerak bo'lyapti», deb chaqirib olishgan.

29. O'z vaqtida biz avtoturargohda rahbariyatning «o'z» joyi bo'lmaydi, deb kelishib olganmiz. Har bir odam qayer bo'sh bo'lsa, o'sha joyga mashinasini qo'yadi. Avtoturargohlardagi o'sha alohida joylardan shaxsga sig'inish boshlanadi. Germaniya va Yaponiyada eng samarador iqtisodiyotlar hukmron. Germaniyada aylanmasi yarim milliard yevro bo'lgan kompaniya egasi korportaiv oshxonada o'z xodimlari bilan birga tushlikka navbatga turadi. Uning avtoturargohda o'z joyi yo'q. U qayerdadir baland qavatda, hammaning ko'zidan panada kabinetida emas, shu yerda, hamma bilan birga. Bunday kompaniyalarda xodimlar o'zlarini qanday his qilishadi? Albatta yaxshi his qilishadi, to'g'rimi?

30. Imkoni boricha barcha ishlarni xodimlaringizga bo'lib bering. O'zingizga esa faqat shaxsan o'zingiz qila oladigan ishlarni qoldiring. Har kuni bajarish uchun 30 daqiqa vaqt sarflaydigan ishni bo'lib berib, yiliga qancha vaqt iqtisod qilishingizni hisoblab chiqing. Vaqtni esa bu ishni berib yuborishga sarmoya qiling.

31. Yo'lboshchi ziddiyatlarni hal qiladi. Ziddiyat ro'y berganida insonni to'liq eshiting, so'ng uning raqibining nuqtai nazarini o'z so'zlaringiz bilan aytib bering. Shundan so'ng rozilik bergan barcha narsani sanab chiqing. So'ngra insondan nima o'rganganingizni so'zlab bering. Undan keyin nimadan norozi ekanligingizni sanab o'ting va umumiy yechim toping.

32. Yo'lboshchining bosh sifati — energiyasi. Agar energiya bo'lmasa — hech narsasi yo'q demak. Energiya — bu benzin. Kapoti ostida 1000 ot kuchiga ega motori bo'lgan, lekin bir tomchi ham benzini bo'lmagan Ferrari’ni tasavvur qiling-a! Xo'sh, u uzoqqa bora oladimi? Xuddi shuningdek, energiyasiz yo'lboshchi naqadar ulug' g'oyalar kelmasin, hech narsa yarata olmaydi. Yo'lboshchi shaxsiy energiyasining yuqori darajasini saqlashni o'rganishi kerak. Shuningdek, insonlar kun bo'yi g'ayratli va bardam bo'lishi uchun shart-sharoitlar yaratishi lozim.

33. Bizda barcha kabinetlarda kompaniya missiyasi va mijozlar bilan ishlashning uch qoidasi osig'liq turibdi. Birinchi qoida: mijozning manfaatini kompaniya manfaatidan ustun qo'yish. Ikkinchi qoida: garchi daromadlarimizning pasayishiga sabab bo'lsa ham, mijozga doim haqiqatni aytish. Uchinchi qoida: faqat o'zimiz vakolatli bo'lgan masalalardagina maslahat berish.

34. Kompaniya qadriyatlari nima? Siz xodimlarning yurish-turishlari qay tarzda bo'lishini istashingizni bildiradi. Siz rostgo'ylikni targ'ib qilar ekansiz, bu bitta holat. Agar siz foyda uchun «yashashni istasang yo'lini qil», deya yumshoqroq qilib shama qilsangiz, xodimlaringiz alday boshlaydi va mijozlar ketib qoladi, boz ustiga ular bilan ishlamanglar, deb boshqalarga ham aytadi. Natijada, bir-bir yarim yilda mijozlarning oyog'i uziladi. Agar siz xodimga mijozni aldash huquqini bersangiz, ertami-kechmi u sizni ham alday boshlaydi.

35. Qandaydir biznes-jarayon uchun birdaniga ikki kishi javob bermoqdami — demak u uchun hech kim mas`ul emas.

36. Baxt bu — har bir insonning botiniy talabi. Nimaiki ish qilayotgan bo'lsangiz, baxtli bo'lish ehtiyojidan kelib chiqmoqdasiz. Yangi biznesni nega ochayotganingiz, yangi telefonni nega xarid qilayotganingiz, yangi insonlar bilan nega tanishayotganingiz haqida o'ylab ko'ring. Pirovard natijada bularning barchasini o'zimiz ham baxtli bo'lib, xodimlarimiz, yaqinlarimiz va jamiyatga yanada barkamol va baxtli bo'lishlari uchun ko'maklashish uchun qilyapmiz.

37. Yo'lboshchi baxt madaniyatini yaratadi. Baxtli kompaniyalarda insonlar 31 foizga samaraliroq ishlashadi, 66 foizga kamroq og'rishadi, qo'nimsizlik 51 foizga, ishda holdan toyish 125 foizga kamroq. Jarayonni kuzatish va kompaniyalarga baxt madaniyatini taraqqiy toptirishda yordamlashishning o'zi ham bir baxt.

38. Qachonki nimanidir taqiqlasangiz, mutlaqo teskari samaraga ega bo'lasiz. Xodimlaringizdan «kechikmaslik»ni emas, o'z vaqtida kelishni, «kasal bo'lmaslik»ni emas, doimo sog'lom bo'lishni so'rang.

39. Muvaffaqiyatingiz birinchi navbatda sizning fikrlash uslubingizga bog'liq. Tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan: atrof-muhit hayotingizga bor-yo'g'i 10 foizga ta`sir ko'rsatadi. Hayotingizda sodir bo'ladigan narsalarga 90 foiz o'zingiz ta`sir o'tkazasiz.

40. Qadriyatlaringizni aniqlashtirib oling. Afsuski, qadimdan qadriyatlarimizning asosini kun ko'rish qadriyatlari tashkil etadi. Qadriyatlar fe`l-atvorga ta`sir o'tkazadi, fe`l-atvor esa hayotimizga. Agar siz uchun qadriyat — rostgo'ylik, yoki qadriyatingiz — yolg'onchilik, insonlarni aldash bo'lsa, atrofingizdagi insonlar mutlaqo farqli, siz esa turlicha voqelikda bo'lasiz.

Manbaa: kun.uz

×