Davlat moliyasini isloh qilishning ustuvor masalalari

Islohot 02-12-2017 1658
Davlat moliyasini isloh qilishning ustuvor masalalari

“Poytaxt” biznes markazida 2017-yil 14-noyabr kuni “Davlat moliyasini boshqarishning dolzarb muammolari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda byudjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda davlat moliyasini isloh etishga ko‘maklashish” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimiz moliya tizimida olib borilayotgan islohotlar, xususan, davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi.


O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari D.Sattorov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida mamlakatimizda iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bunday o‘zgarishlar samaralari makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishda, byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari va davlat byudjetining muvaffaqiyatli ijro etilishida namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Konferensiyada 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasi amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Tadbir davlat byudjetini boshqarishda daromadlarni shakllantirish, xarajatlarning samarali ijrosini ta’minlash, byudjet intizomiga rioya etish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillari, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki va soha mutaxassislarining byudjetni tuzish va g‘aznachilik ijrosi, davlat moliyaviy nazorati, ichki va tashqi audit, moliyaviy shaffoflikni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari kabi mavzular bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

Manbaa: uza.uz

×