Nima uchun mehr-shafqat qattiqqo'llikdan ko'ra yaxshiroq?

Стратегия 21-09-2022 519
Nima uchun mehr-shafqat qattiqqo'llikdan ko'ra yaxshiroq?

Stenford universiteti neyroxirurgi doktor Jeyms Doti kichkina bolaning miya shishi bo'yicha jarrohlik amaliyoti haqida hikoya qiladi. Amaliyotning o'rtasida unga yordam berayotgan rezident chalg'iydi va tasodifan tomirni teshib qo'yadi. Hamma joy qon bilan qoplangani sababli Doti endi ustida amaliyot o'tkazilayotgan nozik miya sohasini ko'ra olmay qiynaladi va bolaning hayoti ham xavf ostida qoladi. Dotida tomirni aniqlash va tikish umidida zararlangan hududga ko'r-ko'rona kirib borishdan boshqa iloj qolmaydi. Yaxshiyamki, u bunga muvaffaq bo'ladi.

Ko'pchiligimiz bunday og'ir amaliyotlarni bajaradigan miya jarrohlari emasmiz. Lekin, albatta, barchamiz qo'l ostimizda ishlayotgan xodim jiddiy xatoga yo'l qo'yib, muhim loyihani buzib qo'yishi mumkin bo'lgan vaziyatlarga duch kelamiz.

Shu o'rinda savol tug'iladi: agar xodim yaxshi ishlamasa yoki xato qilsa, biz unga nisbatan qanday munosabatda bo'lishimiz kerak?

Albatta, bunday paytda ko'ngil qolishi va xafsalamiz pir bo'lishi tabiiy bir holatdir va biz buni hammamiz a'lo darajada "uddalay" olamiz. Ayniqsa, agar xodimimiz qilgan xato muhim loyihaga zarar yetkazsa yoki bizga yomon ta'sir qilsa...

Holatga an'anaviy yondashuv xodimga qandaydir tarzda tanbeh berish bo'lishi mumkin. Umid qilinadiki, jazoning qandaydir bir shakli xatokorga foydali bo'ladi: chunki bu xodimga saboq beradi. Xafagarchiligimizni bildirish, shuningdek, bizni qilingan xato tufayli yuzaga kelgan stress va g'azabdan xalos qilishi mumkin. Va nihoyat, bu jamoaning qolgan a'zolariga kelajakda xatolarga yo'l qo'ymaslik uchun sergak turishlariga sababchi bo'lishi mumkin.

Biroq ba'zi ish boshqaruvchilar samarasiz ishlayotgan xodimga duch kelganlarida boshqacha yondashuvni tanlaydilar: u ham bo'lsa, rahm-shafqat va xayrixohlik (simpatiya) tamoyilidir. Ular hafsalasi pir bo'lmagani yoki g'azablanmagani uchun emas, balki xodimlarining xatolari ularga qanday ta'sir qilishi haqida qayg'urishadi. Bu orqali esa g'ayritabiiy tarzda jazo qo'llamasdan isloh qilishga qodir bo'ladilar va hatto bu xato takrorlanmasligi uchun xodimlariga bir muddat murabbiylik qilish uchun harakat qilishlari ham mumkin..

Tadqiqotlarga ko'ra eng yaxshi usul nima? Bu usul shuki, ishdagi kasbdoshlaringiz bilan qanchalik samimiy munosabatda bo'lsangiz, shunchalik yaxshiroq natijalarga erisha olasiz.

Birinchidan, rahm-shafqat va simpatiya xodimlarning sadoqati va ishonchini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, ishdagi samimiylik va ijobiy munosabatlar xodimlarning ish haqi miqdori qancha bo'lishidan qat'iy nazar, ularning jamoalariga va vazifalariga bo'lgan kasbiy sodiqliklari kuchli bo'lishiga ta'sir qiladi. Xususan, Nyu-York universitetida Jonatan Xaydt tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko'rsatadiki, xodimlar o'z rahbarlarini qanchalik ko'p hurmat qilsa va ularning rahm-shafqati yoki mehribonligidan ta'sirlansa (bu holatni u "ko'tarilish" deb ataydi), ular unga shunchalik sadoqatli bo'lishadi. Shunday qilib, agar siz o'z xodimingizga nisbatan rahm-shafqatli bo'lsangiz, nafaqat u sizga ko'proq sodiq bo'ladi, balki sizning xatti-harakatlaringizga guvoh bo'lgan har bir kishi ham yuqoridagi hisni boshdan kechirishi va sizga sodiqligini yanada ko'proq izhor qilishi mumkin.

Aksincha, xodim bilan g'azab hamda sovuqqonlik bilan muomala qilish sadoqatni ketkazadi. "Wharton" biznes maktabi professori va "Give & Take" nomli bestseller asarning muallifi Adam Grant ta?kidlaganidek, o?zaro munosabatlar qonuni tufayli, agar siz xodimni ko'pchilikning ichida yoki o'zaro suhbatda juda qattiq xijolat qilsangiz yoki ayblasangiz, sizning bu munosabatingiz xodimga salbiy ta?sir qilishi va har safar sizni ko'rganida ana shu narsa xotirasida gavdalanaverishi orqali yomon hissiyotlar girdobiga tushib qolishi mumkin. "Keyingi safar yana ushbu xodimga vazifa topshirishingiz kerak bo'lsa, qilgan yomon muomalangiz sababli xodimingizning ilgarigi sodiqligini yo'qotgan bo'lishingiz mumkin", deydi u menga.

Xodimlar rahbarlarining ishonchlariga ehtiyoj sezadilar va rahm-shafqat ishonch bildirishga tayyorlikni oshiradi. Oddiy qilib aytganda, neyrotasavvur tadqiqotlari tasdiqlaganidek, miyamiz bizga simpatiya ko'rsatgan shaxslarga ijobiy javob qaytaradi. Xodimlarning ishonchi esa, o'z navbatida, ish faoliyatini yaxshilashga samarali xissa qo'shadi.

Doti, shuningdek, Stenford universitetining "Mehribonlik va altruizm tadqiqot va ta'lim markazi" direktori bo'lib, operatsiya xonasidagi birinchi tajribasini eslaydi. U shunchalik asabiy ediki, qattiq terlab ketadi. Ko'p o'tmay operatsiya joyiga bir tomchi ter tushadi va uni iflos qiladi. Operatsiya oddiy edi va bemorning hayoti xavf ostida emas edi. Operatsiya joyiga kelsak, uni osongina tozalab tashlash mumkin edi. Biroq, operatsiya bo'yicha jarroh - o'sha paytdagi jarrohlikning eng yirik namoyandalaridan biri - shunchalik g'azablanadiki, Dotini operatsiya xonasidan haydab yuboradi. Doti uyga qaytganini va xatosidan xafa bo'lib yig'laganini eslaydi.

Doti intervyusida aytadiki, agar o'shanda bosh jarroh boshqacha yo'l tutganida Dotining bir umrlik sodiqligiga erishgan bo'lishini mumkinligini tushuntiradi. "Agar jarroh g'azablanish o'rniga shunday deganda edi: "Yigit, meni eshit. Nima bo'lganini qara, operatsiya sohasini iflos qilding. Bilaman, asabiylashyapsan. Ammo agar jarroh bo'lishni istasang, asabiylashishga haqqing yo'q. Bosh kiyimingni shunday kiyki, yuzingdan bir tomchi ham ter tushmasin. Tashqariga chiq va o'zingni qo'lga olishga harakat qil. Keyin qaytib kel. Men senga bir narsa ko'rsataman". Xo'sh, agar u shunday deganda to o'lgunimcha u qahramonim bo'lar edi, deb so'zini yakunlaydi Doti.

G'azab ustida aytilgan so'z nafaqat sadoqat va ishonchni o'ldiradi, balki xodimning stress darajasini oshirib, ijodkorlik qobiliyatiga ham putur yetkazadi. Doty tushuntirganidek, "Qo'rquv, tashvish va ishonchsizlik mavjud bo'lgan muhitda ishlash odamlarni bo'g'ib qo'yadi. Agar odamlarda qo'rquv va xavotir bo'lsa, nevrologiyadan bilamizki, ularning tahdidga javobi faollashadi, kognitiv nazorati kuchayadi. Natijada mahsuldorlik va ijodkorlik pasayadi". Misol uchun, miyani tasvirlash bo'yicha tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, biz o'zimizni xavfsiz his qilsak, miyamizning stressga reaktsiyasi past bo'ladi.

Grant, shuningdek, aytadiki: "Agar siz xodimingizning xatosiga g'azablangan va asabiy holda munosabat bildirsangiz, xodimning kelgusida tavakkal qilish ehtimoli kamayadi, chunki u xato qilishning salbiy oqibatlaridan qo'rqib qoladi. Boshqacha qilib aytganda, siz o'rganish va innovatsiyalar uchun muhim bo'lgan tajriba madaniyatini o'ldirasiz". Grant Michigan universitetida Fiona Li tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ishora qilib aytadiki, faoliyatning salbiy oqibatlaridan qo'rqish o'rniga xavfsizlik madaniyatini targ'ib qilish ijodkorlik uchun juda muhim bo'lgan tajriba ruhini rag'batlantirishga yordam beradi.

Albatta, besabab hech kim g'azab qilmaydi, g'azablanishimizning sababi bor. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, g'azab hissi ba'zi hollarda foydali natijalarga ham olib kelishi mumkin ekan. Masalan, bu his bizga adolatsizlikka qarshi turish uchun energiya berishi mumkin. Bundan tashqari, u bizni kuchliroq ko'rinishga olib keladi. Biroq rahbar sifatida g'azab kabi salbiy his-tuyg'ularni ifoda etsangiz, xodimlaringiz sizni aslida hurmatga munosib emas deb hisoblashadi. Aksincha, "Garvard Biznes Maktabi" vakili Amy Cuddy ta'kidlaganidek, mehribon bo'lish hamda qattiqqo'llik emas, balki iliqlik ko'rsatish rahbarlarga ochiq-oydin ustunlik beradi.

Xo'sh, keyingi safar xodim jiddiy xatoga yo'l qo'yganida, rahbar yoki ish boshqaruvchi qanday qilib rahm-shafqat bilan muomala qilishi mumkin?

1. Biroz vaqt ajrating. Dotining ta'kidlashicha, birinchi navbatda o'z his-tuyg'ularingizni har qanday vaziyatda ham boshqara olishingiz kerak. "Bir qadam orqaga chekinib, kishilarga bo'lgan hissiy munosabatingizni nazorat qilishingiz kerak. Chunki hissiy nazoratdan tashqarida harakat qilsangiz, muammoga yondashish haqida o'ylamaysiz. G'azabni ichga yutish va mulohaza yuritish uchun vaqt ajratish orqali esa chuqur o'ylangan, oqilona va tushunarli yondashuvga imkon beradigan ruhiy holatga kirasiz.

Siz shunchaki g'azablanmagandek ko'rinadigan joyda "operatsiya qilish"ni xohlamaysiz. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, o'zini bunday tutish siz va xodimingizning yurak urish tezligini oshiradi. Buning o'rniga, vaziyatni ko'proq e'tibor bilan ko'ra olish uchun miyangizni biroz "salqinlash" uchun vaqt ajrating.

2. O'zingizni xodimlaringizning o'rniga qo'ying. G'azablanish bilan munosabat bildirishdan ehtiyot bo'lib, xodimga yon bosish sizga qo'l ostingizdagilarga xayrixoh bo'lish qobiliyatini beradi. Nega doktor Doti maqolaning kirish qismida eslab o'tilgan operatsiya - jarrohlik amaliyoti paytida xatoga yo'l qo'yib, bemorning miya tomirini uzib yuborgan rezidentiga bosiqlik bilan munosabat bildira oldi? Jarrohlik xonasida o'zining ilk tajribasini esga olish asnosida u ham rezidentiga g'azabini sochishi va uni ham o'zi quvilgani singari operatsiya xonasidan quvib solishi mumkin edi. Ammo u bunday qilmadi. Bu esa, o'z navbatida, unga umidsizlikni jilovlashga, allaqachon dahshatga tushgan rezidentni kamsitmaslikka va kichkina bolaning hayotini saqlab qolishga imkon berdi.

To'g'ri nuqtai nazar bildirish qobiliyati bebahodir. Tadqiqotlar shunga ishora qiladiki, bu sizga vaziyatning siz sezmagan tomonlarini ham ko'rishga yordam beradi va o'zaro munosabatlar va muzokaralarda kutilgandanda ijobiy natijalarga olib keladi. Rahbarlik, yetakchilik, boshliqlik pozitsiyalari bizning empatiyaga bo'lgan tabiiy moyilligimizni pasaytiradi, shuning uchun menejerlar vaziyatni o'z xodimlarining nuqtai nazaridan ko'rishni mashq qilishlari uchun o'z-o'zini anglashlari ayniqsa muhimdir.

3. Kechirimli bo'ling. Simpatiya, albatta, kechirishga yordam beradi. Kechirimlilik nafaqat xodimingiz bilan munosabatlaringizni mustahkamlaydi, balki sadoqatni rag'batlantiradi. Oxir-oqibat esa bu siz uchun ham foydali ekanligi ayon bo'ladi. G'azablanish yuragingizga yomon ta'sir qilsa (qon bosimi va yurak urishi tezlashadi), kechirimlilik sizning ham, siz kechirayotgan odamning ham qon bosimini pasaytiradi. Boshqa tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, kechirimli insonlar o'zlarini ko'proq baxtli his qiladilar va hayotdan qoniqish hosil qiladilar. Bu his esa stress va salbiy his-tuyg'ularni sezilarli darajada kamaytiradi.

Ruhiyatda ishonch, sadoqat va ijodkorlik yuqori temperamentni qayd etsa va stress darajasi past bo'lsa, xodimlar ish vaqtida o'zlarini baxtli his qiladilar hamda bajarayotgaan vazifalarining ko'lami ham samarali bo'ladi. Korxona ham hadeb hodimlarni ishdan bo'shatib, yangisini yollab, agar u ham xato qilsa, uni ham ishdan bo'shatib, yana yangisini yollab, rotatsiyaga haddan ziyod ko'p vaqt va energiya sarflashdek absurddan chetda bo'ladi. O'zaro samimiy munosabatlar hatto xodimlarning salomatligiga ham ijobiy ta'sir qiladi va ular o'ziga bo'lgan ishonch hamda immunitet balandligi sababli kamroq kasalga chalinadilar. Boshqa tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, rahm-shafqatli boshqaruv mijozlarga xizmat ko'rsatish va mijozlar natijalari va qoniqishini yaxshilashga olib keladi.

Doti menga hech qachon hech qaysi shogirdini operatsiya xonasidan biror sabab bilan haydab solmaganligini aytayotib, quyidagilarni ta'kidladi: "Bu men ularni o'sha lahzada qiyin vaziyatdan olib chiqib ketganim uchun emas, balki xato qilganlarini bilishganda, bosiqlik bilan munosabat bildirganim uchun ular bir necha yil oldin men tushgan ahvolga tushmaydilar, balki xatolaridan tegishli xulosa chiqaradilar va men uchun yanada yaxshilanishni xohlaydilar, chunki men ularga mehr-shavqat bilan muomala qilganman".

Muallif: Emma Seppala

Manba: HBR.org

Ingliz tilidan Qobiljon Sobirjon o’g’li tarjimasi

×