Tadbirkor jamiyatga tadbirkor davlat kerak

Strategiya 20-09-2022 529
Tadbirkor jamiyatga tadbirkor davlat kerak

Innovatsiyalar asosida rivojlanish orqali zamonaviy kapitalizm amalga oshirolmaydigan narsalarni amalga oshirish mumkin: bu jihat, o’z navbatida, qanday qilib yuqori qiymatli, yaxshi maoshli ishlarga asoslangan barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlash mumkin degan savolga javobni ham o’z ichiga qamrab oladi. Bu tadbirkorlik jamiyatlarining asosidir va bu yaxshi maqsaddir. Asosiy muammo - bu darajaga qanday erishish mumkinligini aniqlashda. Garchi ko’plab davlatlar bu borada o’z oldilariga maqsad qo’ygan bo’lsa-da, unga erishganlar kam.

Bunday qiyinchilikning sababi o’tmishda innovatsiyalar asosidagi o’sishga qanday erishilganligi haqidagi keng tarqalgan tushunmovchiliklardadir. Ushbu anglashilmovchiliklar yakka tartibdagi tadbirkorlar va kompaniyalarni hikoyaning asosiy qahramonlari sifatida gavdalatirish orqali noto’g’ri qarashlar ustiga tegishli siyosatni ishlab chiqishga imkon berdi. Shubhasiz, bu qarashlar samarasiz siyosat yuritish tizimiga va xavflarning haqiqiy taqsimlanishini aks ettirmaydigan o’sishdan olingan mukofotlarning taqsimlanishiga olib keladi.

Tadbirkorlik jamiyati innovatsiyalar zanjiri bo’ylab taqsimlangan istiqbolli va strategik davlat investitsiyalari orqali xususiy biznesda optimistik ruhiyatni hosil qila oladigan tadbirkor davlatga muhtoj. Keyin tadbirkorlar o’sish imkoniyatlarini ko’ra boshlaydilar va biznesga investitsiyalar keladi.

Internet va biotexnologiya kabi ilg’or texnologiyalar “tijoriylashtirish” haqida tashvishlangan hukumatlardan paydo bo’lmadi; balki uzoq muddatli jamoat missiyalariga yo’naltirilgan investitsiyalarning tarqalishidan paydo bo’ldi. O’tmishdagi missiyalar, masalan, odamni Oyga olib chiqish, innovatsiyalarni rag’batlantirib, dinamik hamkorlikda birgalikda ishlash uchun turli mutaxassislarni jalb qiladigan vazifalarga aylantirildi. Qarishdan tortib iqlim o’zgarishigacha bo’lgan bugungi ijtimoiy muammolar ham xuddi shunday e’tibor va jonlantiruvchi kuchni ta’minlashi mumkin. Ular innovatsiyalarni rag’batlantirishi va yangi xususiy investitsiyalar va tadbirkorlik faoliyatiga yo’nalish berishi mumkin, chunki bu orqali katta foyda olish imkoniyatlari paydo bo’ladi. Missiyaga yo’naltirilgan fikrlash barqaror rivojlanishning ko’plab maqsadi uchun texnologik yo’l xaritalarini ishlab chiqishda ham qo’llanilishi mumkin.

Eng muhimi, buning uchun davlat yetakchiligi hukmron bo’lgan mafkuraga qarshi kurash olib borilishi kerak, bu esa jamiyat aktyorlarining rolini shunchaki xavf-xatarni yo’qotish yoki haqiqiy qahramonlar - xususiy sektorning boylik yaratuvchilari, masalan, tavakkalchilikni yaxshi ko’radigan tadbirkorlar - bozor yechimlarini topishini kutish bilan cheklaydi. Innovatsiyalar asosida samarali o’sishga erishgan bir nechta mamlakatlarda, masalan, AQSH, Isroil, Daniya va hattoki Xitoyda ham davlat ishtirokchilari xususiy sektorni faollashtirdilar, tavakkalchilikni faqat so’nggi chora sifatida emas, balki birinchi o’rinda amalga oshiriladigan tadbir sifatida qabul qilib, raqobat maydoniga kirib keldilar. Masalan, Silikon vodiysida butun innovatsiyalar zanjiri bo’ylab aloqani markazlashtirmagan aqlli davlat tashkilotlarining mustaqil tarmog’i bu masalada juda ilg’or edi. Bu ro’yxatga asosiy tadqiqotlar, amaliy tadqiqotlar va kompaniyalar uchun strategik uzoq muddatli moliya operatsiyalari ham kiradi. Shuningdek, u yangi tovarlar va xizmatlarga to’g’ridan-to’g’ri va bilvosita talabni shakllantiradigan siyosatni o’z ichiga oladi.

Siyosat - bu bozordagi “nosozliklar”ni oddiygina “tuzatish” uchun moʻljallangan tizim, degan hukmron fikrdan farqli oʻlaroq, AQSHdagi “DARPA” va “SBIR”, Isroildagi “Yozma”, Finlyandiyadagi “Sitra” va “Tekes” kabi davlat idoralari bozorlarni faol shakllantirdi va yaratdi. Ushbu turdagi to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar kiritiluvi soliq imtiyozlari kabi bilvosita chora-tadbirlar orqali sarflangan pulga qaraganda yangi xususiy investitsiyalarni yaratishda muvaffaqiyatliroqdir.

Ushbu yondashuv o’yin maydonini tekislashdan tashqariga chiqishni va uning o’rniga uni ma’lum bir yo’nalishda maydonni hamma uchun faol ravishda moslashtirishni anglatadi. Bu bitta texnologiyaga (ikki oyoqni bir etikka tiqqan kabi) pul tikish degani emas, balki missiya (katta muammo) doirasida qamrab olingan turli texnologiyalar portfolisini qo’llab-quvvatlashni anglatadi.

Hukumatlar g’oliblarni tanlay olmasligi haqidagi odatiy tanqid, Internet iPhone’dagi deyarli barcha texnologiyalar (jumladan, GPS, Siri va sensorli ekran) kabi missiyaga yo’naltirilgan investitsiyalar orqali o’sishga erishganini e’tiborsiz qoldiradi. Energetika sohasida esa Quyosh, yadro, shamol va hatto slanets gazi davlat moliyasi bilan ta’minlangan. Ilon Maskning uchta kompaniyasi: “Solar City”, “Tesla” va “Space X” davlat tomonidan 4,9 milliard dollardan ortiq yordam olgan. Ba’zida bu investitsiyalar (“Tesla” kabi) muvaffaqiyatli bo’ladi, ba’zida esa muvaffaqiyatsiz ( xuddi “Solyndra” misolida). Lekin har qanday venchur kapitalist buni normal deb hisoblaydi.

Muammo shundaki, noto’g’ri uydirmalar va eski ideologik bahs-munozaralarni chetlab o’tib, davlat bu borada oldinga qadam tashlashi kerakmi yoki orqagami degan tortishuvlarga barham berishdir. Javob talab qiladigan haqiqiy savol shuki, o’tmishdagi muvaffaqiyatli missiyaga yo’naltirilgan siyosat saboqlarini bugungi kunning ijtimoiy muammolariga qanday qo’llash mumkin. Bu ushbu yondashuvni asoslash, baholash va tarbiyalash uchun kontseptual asoslarni, tahliliy vositalarni va tashkiliy imkoniyatlarni ishlab chiqishni anglatadi.

“Industry and Innovation” jurnalidagi yaqinda chop etilgan maqolada men ushbu muammolarni quyidagi to’rtta savol nuqtai nazaridan tasvirlab berdim:

  • Birinchidan, marshrutlar va yo’nalishlar. Agar “bozor qaror qilsin” deyish biz duch kelayotgan muammolarga noadekvat va samarasiz javob bo’lsa, qanday qilib biz muayyan missiyalarni tanlash va o’zgartirish uchun yo’l va yo’nalishlarni belgilashning demokratik yo’llarini topishimiz mumkin?
  • Ikkinchidan, tashkilotlar. Qanday qilib biz davlat sektorida tavakkalchilikni qabul qila oladigan, muvaffaqiyatsizlikdan saboq oladigan, kashf eta oladigan, o’rganadigan va ta’minot jo’mragini qachon o’chirishni tushunadigan ta’lim tashkilotlarini barpo qilishimiz mumkin? Bu siyosatni muvaffaqiyatsizlikdan o’rganish tan olinadigan va mamnuniyat bilan qabul qilinadigan jarayon sifatida tushunishni anglatadi. Jamoat tashkilotlari haqida faqat boshqalar uchun yordamchi sifatida emas, balki missiyaga yo’naltirilganligi haqida gapirish, shuningdek, istiqbolli jamoat tashkilotlariga kerak bo’lgan iqtidorli kadrlarni ishga olishda yordam beradi.
  • Uchinchidan, baholash. Xarajat-foydaning statik tahlili strategik, bozorni yaratuvchi davlat investitsiyalarining o’zgaruvchan ta’sirini aniqlay olmaydi. Jamoatchilik qadriyatini yaratishni yanada yaxshiroq tushunishga asoslangan yangi dinamik baholash vositalariga ehtiyoj bor.
  • To’rtinchidan, xavf va mukofotlar. Tavakkalchilar kimligi haqidagi noto’g’ri tushuncha, xavfning haqiqiy taqsimlanishini aks ettirmaydigan mukofotlarning taqsimlanishiga olib keldi. Agar soliq to’lovchilar innovatsion jarayonning noaniq dastlabki bosqichlarida eng katta tavakkalchilikni o’z zimmalariga olishsa, ular ham topiladigan foyda va mukofotlarga sherik bo’lishlari kerak. Savol shuki, buni qanday qilish yaxshiroq. Ko’p variantlar mavjud, jumladan, foydani qayta investitsiyalash bo’yicha kelishuvlar (aynan “Bell Labs”ni yaratishga olib kelgan bitim); davlat tomonidan moliyalashtiriladigan mahsulotlar (masalan, dori vositalari) narxlarini cheklash; intellektual mulk huquqlarining oltin ulushini saqlab qolish; iloji bo’lsa, mualliflik huquqlarini yoki mualliflarga qalam haqqi to’lash qadriyatlarini himoya qilish va boshqalar.

Ko’rinib turibdiki, masalaga aktual bitta yechim mavjud emas, lekin innovatsiyalardan olingan mukofotlarni yaxshiroq taqsimlashning turli usullarini ko’rib chiqish nafaqat samarali o’sishni, balki barcha jihatlarni o’z ichiga qamrab oluvchi o’sishni ham maqsad qilgan strategiyaning markaziy o’rinni egallaydi.

G’oliblar tarix kitoblarini yozishlari haqiqatdir. Silikon vodiysi g’oliblari – venchur kapitalistlar va tadbirkorlar - olgan mukofotlarini oqlaydigan hikoyalar yozdilar. Ammo ularning hikoyalari boshqa joylarda siyosat yuritish uchun har doim ham foydali emas. Buning uchun ularni “ko’tarib turgan” yelkaning ostiga qarash va boylik yaratishni jamoaviy harakat sifatida tan oladigan davlat va xususiy shaxslar o’rtasida bir-biriga bevosita bog’liq ekotizimlarni ishlab chiqish kerak. Chunki tadbirkor jamiyatga, birinchi navbatda, tadbirkor davlat kerak.

Author: Mariana Mazzucato

Manba: HBR.org

Ingliz tilidan Qobiljon Sobirjon o’g’li tarjimasi

×