Yaponiyadagi tezyurar poyezdda 5G tarmog'i

Hi-Tech 05-12-2017 1535
Yaponiyadagi tezyurar poyezdda 5G tarmog'i

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Yaponiyaning KDDI telekommunikatsiya kompaniyasi bilan birgalikda harakatlanayotgan tezyurar poyezdda 5G tarmog'i imkoniyatlarini namoyish qilishni yakunladi. Bunda ma`lumotlar uzatish tezligi soniyasiga 1,7 Gbit.ga yetgan.

Poyezd Saytama prefekturasidagi bir-biridan 1,5 km uzoqlikda joylashgan ikkita stansiya o'rtasida 100 km/soatdan ko'proq tezlik bilan harakatlangan. Sinov vaqtida muhandislar poyezdning vagonlaridan birida o'rnatilgan 5G-router yordamida 8K sifatidagi rolikni yuklab olishgan va poyezd tomida o'rnatilgan 4K kamera yordamida olingan rolikni internetga yuklashgan.

Sinovlar 5G texnologiyasini tezyurar poyezdlar yo'lovchilariga aloqa xizmatlarini taqdim qilishda qo'llash mumkinligini ko'rsatgan. “KDDI Samsung bilan hamkorlikda aloqaning yangi xizmatlari uchun imkoniyatni ochdi. 5G tufayli temir yo'l xizmatlari mutlaq yangi bosqichga ko'tariladi. Vagonlar va stansiyalardagi bugungi sinovlarning muvaffaqiyatli kechgani 5G texnologiyasini tijoratlashtirish yo'lidagi yana bir muhim qadam bo'ldi”, deb aytgan KDDI’ning yetakchi ijrochi direktori Yoshiaki Uchida.

Uchidaning aytishicha, KDDI 5G tarmog'ini 2020 yildan ishga tushirmoqchi va Samsung bilan birga turli sharoitlar, chastota diapazonlarida va turli texnologiyalarni qo'llab tadqiqotlarni davom ettirmoqchi.

AQShning Verizon mobil operatori Qualcomm bilan birga 2019 yil oxirigacha AQShning 10 ta shahrida 5G tarmog'ini ishga tushirmoqchi. Yevropadagi birinchi tajribaviy 5G tarmog'i Berlinda Deutsche Telekom va Huawei kompaniyalari sa`y-harakatlari tufayli paydo bo'lgan.

Manbaa: kun.uz

×