Biz buni unutdik...

Strategiya 21-10-2021 1046

2020-yil haqiqiy sinov yili bo‘ldi. Lekin biz bir zumda barchasini unutgandekmiz. Tartibsizlik, xavotir, qo‘rquv va keskinlik kuchayib ketganiga qaramasdan, biznes rivojlanishda davom etdi. 2020-yil ko‘plab kishilarning sog‘ligi va farovon hayoti uchun katta xavf solgan bo‘lsada, startaplar uchun juda zo‘r imkoniyat yuzaga keldi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida biznes sektorlari 24%lik o‘sishni boshdan kechirdi.

Quyida o‘z kompaniyangizni yo‘lga qo‘yib olishingiz uchun karantin va undan oldingi davrda foydali bo'lgan bir qancha muhim omillarni keltirib o‘tamiz

1. Tajriba va malakangizni ishga soling.

Muvaffaqiyatli biznesmen bo‘lish mashhur bir brendga ergashib, o‘zingiz ham tushunmaydigan sohaga pul tikib yuborish emas.

Siz nima uchun aynan maʼlum bir sohaga pul kiritayotganingizni bilishingiz, pul kiritayotgan sohangiz haqida sizda bilim va tushuncha bo‘lmog‘i kerak. Aks holda, raqobatchilaringiz sizni shunchaki yanchib tashlaydilar va biznesingiz inqirozga yuz tutadi.

Bundan saqlanish uchun tajriba va ko‘nikmalaringizni ishga soling.

Pul topish uchun reja tuzib chiqqanmisiz? Biznesingizni ham ana shu malaka va tajriba ustiga barpo qiling. Deylik, dasturlash va dizayn sohasida tajribaga egasiz. O‘rganganlaringizni ishga solib, ilova yoki veb-sayt yarating. Bunda siz uchun ikkita foyda bor:

- Birinchidan, siz ishni o‘zingiz amalga oshira olasiz. Bu orqali pulingizning maʼlum qismini turli yollanma ishchilar va agentliklarga sarf qilishdan tejab qolasiz.

- Ikkinchidan, xato qilsangiz ham u xato qimmatga tushmaydi. Chunki siz nima qilayotganingizni va jarayon qanday ishlashini bilasiz. Shu tufayli maqsad sari eltadigan yo‘lingiz ham aniqroq bo‘ladi.

Bu kabi noldan boshlanadigan ishlar uchun sizda favqulodda g‘ayritabiiy qobiliyatlar bo‘lishi ham shart emas. Masalan, siz uzoq yillar avtosalonda avtomobil sotuvchisi bo‘lib xizmat faoliyatini olib bordingiz. Endi mustaqil biznesingizni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi deb bilasiz. Shunda siz o‘zingiz ishlab yurgan va malakaga ega bo‘lgan sohangizga yaqin yo‘nalishda biznesingizni boshlashingiz kerak, mutlaqo notanish bo‘lgan kofe ishlab chiqarish yoxud tekstil sohasiga o‘zingizni urmasdan.

2. Shaxsiy brendingizni rivojlantiring.

Shaxsiy brend biznes muvaffaqiyati uchun muhim emas, biroq u jarayonni va rivojlanishni ancha osonlashtirib beradi.

Bir necha ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘ting va shaxsiy brendni ommaga tanitishni boshlang. Video, rasm va matnli kontent orqali bilganlaringizni ommaga ulashib boring. Ha, bu orqali siz ikkinchi Stiv Jobs yoxud Elon Musk bo‘lishni ko‘zlamaysiz. Bu jamiyatda katta ahamiyatga ega kishilar bilan aloqa o‘rnatish uchun va o‘zingizni sohangizning haqiqiy eksperti ekanligingizni ko‘rsatib berish uchun muhim vositadir.

Shaxsiy brendni qanchalik rivojlantirsangiz, shunchalik ishonchli odamga aylanib borasiz. Bu sizni investorlar, mijozlar, hamkorlar va boshqa brendlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatishingizga yordam beradi. Bu, shuningdek, mahsulot yoki xizmatingizni tabiiy ravishda sotishingizga ham xizmat qiladi.

Agar kamera qarshisida turib gapirish sizga noqulay bo‘lsa, bloglar yuritishingiz va bilimlaringizni LikedIn orqali ham ulashib borishingiz mumkin. Hech kim sizni selfilaringizni ijtimoiy tarmoqqa joylab borishga va keti uzilmaydigan vloglar berib borishga majbur qilmaydi. Bu borligingizni bildirishning bir vositasi, xolos.

3. O‘z oldingizga aniq va erishib bo‘ladigan maqsadlar qo‘ying.

Yarim yil yoki bir yildan keyin o‘zingizni qay holatda ko‘rishni istaysiz? Besh va o‘n yildan keyinchi? Keyingi haftada-chi?

Muvaffaqiyatli biznesmenlar egalari o'z oldilariga juda tartibli va aniq bir maqsad qo‘yib, o'zlari uchun kunlik, haftalik, oylik va yillik marralarni belgilab oladilar. Ular kelajakda nimaga erishmoqchi ekanliklarini aniq belgilab olganlar.

O‘z oldingizga maqsadlar qo‘yib olishingiz sizga katta foyda beradi. Faqat maqsadlar harakatni doim mahsuldor va samarali bo‘lishiga turtki bo‘la olishi kerak.

Maqsadsiz tadbirkor har xil holatlarda o‘zini sinab ko‘rishga tayyor bo‘ladi. Siz uni har doim g‘alati g‘oya va rejalar haqida gapirib yurgan holida uchratasiz. U juda ham beqaror va bir loyihadan ikkinchisiga sakrab ko‘chib yuruvchi bo‘ladi.

Muvaffaqiyatli tadbirkor esa aniq va qatʼiy maqsadlarga ega bo‘ladi. U manzilga eltadigan yo‘lni va u yo‘ldagi vositalarni juda yaxshi biladi. Biznesda muvaffaqiyatga erishish uchun sizga ham ana shunday aniqlik va qatʼiylik kerak bo‘ladi.

4. Ishonchli jamoa shakllantiring.

Qachon gap biznes haqida ketganda, biz biznes uchun jamoa tuzish fikrini kuchli qo‘llab-quvvatlaymiz. Biznes kitoblarda bu haqida nimalar yozilganini ham bir chetga surib qo‘yib, shuni taʼkidlaymizki, biznesmenlar hamma ishni faqat o‘zlari qilmaydilar.

Sizga katta kompaniyani boshqarish uchun kuchli jamoa zarur. Qachonki siz ana shu jamoani shakllantirar ekansiz, ularga o‘zingizga ishongandek ishoning.

Ishonchlilik eng muhim, shu bilan birga, juda ham noyob jihat. Doim yoningizda tura oladigan, kompaniyangiz rivoji uchun jon dilidan xizmat qiladigan va hech qachon sizni o‘z holingizga tashlab qo‘ymaydigan insonlarni jamoangizga jalb qiling.

5. Tavakkal qilishdan cho‘chimang.

Muvaffaqiyatli tadbirkorlar totalizatorga pul tikkandek ahmoqona va mantiqqa zid harakat qilmaydi. Ular tavakkal qilishdan qoʼrqmaydi. Pullarini ham o‘zlari ishongan loyihalarga yo‘naltiradi. Chunki ular faqatgina ishonchga kirgan va o‘zlari yaqindan xabardor bo‘lgan loyihalar ularga sarmoyalarini to‘la qaytarishiga ishonadi.

Siz uchun mutlaqo notanish bo‘lgan loyihaga pul tikish juda xavfli bo‘lib, agar u loyiha bilan birga ish olib bormasangiz, pulni yo'qotish xavfi bir necha barobar ortib ketadi. Albatta, bu kabi ehtiyotsizlik sizning samaradorligingizni cheklab qo‘yadi. Biroq tanish bo‘lgan sohangiz uchun pul tikib, ko‘p foyda qiishingiz va turli mehnat shakllari bilan tanishishingiz mumkin. Bularning barchasining ortida tizimli tavakkalchilik yotadi.

Shuning uchun tavakkal qilib turing, biroq ehtiyotsiz, beparvo tavakkalchilardan bo‘lmang. Va doim tavakkalingiz ortidan sarmoyangiz sizga foyda keltirishini sababini qilib qo‘ying.

6. Halol va adolatli bo‘ling.

Halollik va adolat muvaffaqiyatning asosiy va eng muhim mezonlaridan hisoblanadi. To‘g‘ri, yuzaki qaraganda qing‘ir yo‘llar orqali ishni bitirish oson va qiyinchiliksiz bitadigandek ko‘rinishi mumkin. Biroq bu ish oxir-oqibat chuqur afsuslanish va nadomatga sabab bo‘ladi. Shuning uchun yuqorida taʼkidlab o‘tilgan ikki bebaho qadriyat ustiga faoliyatingizni barpo qiling.

Biznes olamiga safaringizda ulkan zafarlar tilab qolamiz.


Muallif: Folabi Klement Solanke

Manba: Entrepreneur.com nashri

Qobiljon Sobirjon o’g’li tarjimasi

×