Muvaffaqiyatli biznes qurish uchun zarur bo'lgan 16 mental model
Mental modellarni bilish sizga maqsadga erishish, xatolarni chetlab o'tish, muhim qarorlarni qabul qilish, odamlarga rahbarlik qilish va biznesda muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi. Skillshare bosh ijrochi direktori Maykl Karnyanaprakorn shu haqidagi ma`lumotlari bilan bo'lishdi.
Mental modellar — bu bizning xatti-harakatlarimiz va dunyoqarashimizni belgilab beruvchi, shaxsiy tajribamizga asoslangan strategiyalar. Mental modellar tarmog'i advokat, muvaffaqiyatli iqtisodchi, professional sarmoyador va milliarder Uorren Baffetning o'ng qo'li Charlz Manger tomonidan yaratilgan. Manger ushbu tarmoq yordamida hodisalarning nima bilan tugashini oldindan aniqlash va tahlil qila bilgan. Shuning uchun Baffet uni "ishdagi mukammal sherik" deb atagan.
Ko'plab ishbilarmonlar, rahbarlar va yetakchilar quyidagi 16 mental modeldan foydalanishadi.
Qarorlar qabul qilish
1. Uorren Baffetning "Ikki ro'yxat" strategiyasi
25 maqsadingizni qog'ozga tushiring. Bir ro'yxatga eng muhim besh maqsadingizni kiriting, qolgan yigirmatasini esa - boshqa ro'yxatga tushiring-da, keyingisini unuting. Shu tariqa ustuvor maqsadlaringizga aniqlik kiritib olasiz va eng asosiylariga diqqatingizni qaratasiz. Xohlasangiz, birinchi ro'yxatni uch punktgacha qisqartirishingiz mumkin.
2. 10/10/10 qoidasi
Ko'pchiligimiz oxirini o'ylamay, shoshib qaror qabul qilganimiz uchun vijdonimiz oldida qiynalamiz. Shuning uchun 10/10/10 uch savolga javobni ko'zda tutadi.
- 10 daqiqadan so'ng qabul qilingan qarorga qanday munosabatda bo'lasiz?
- 10 oydan keyin nimani his qilasiz?
- 10 yildan keyin-chi?
Shu tariqa siz hayotingizga qarorlaringizning ta`sirini tahlil qilib olasiz. Ehtimol, hammasi u qadar qo'rqinchli emasligini tushunib yetarsiz.
3. Ko'r-ko'rona o'yin
Qaror qabul qilayotganda to'liq ma`lumotga ega bo'lmaysiz. Shu bois voqea rivoji qaysidir ma`noda sizga bog'liq emas. Biroq qaror qabul qilish jarayoni to'liq sizning tasarrufingizda.
Buni poker o'yiniga taqqoslash mumkin. Agar yutqazsangiz, bunda taqdirni ayblashga hojat yo'q. Vaziyatni orqaga aylantiring va qaysi lahza hal qiluvchi bo'lganini aniqlashtiring. O'z xatoingizni anglab yetsangiz, undan to'g'ri saboq chiqaring.
4. To'g'ri nuqtai nazar va yagona fikrga qo'shilmaslik
Siz haq yoki nohaq bo'lgan bo'lishingiz mumkin. Ko'pchilikning fikriga ergashish yoki ergashmasligingiz mumkin. Biroq barchasi sizning nuqtai nazaringizga borib taqaladi. Agar u noto'g'ri bo'lsa, umumiy fikrga qo'shilib, biznesda muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Qarama-qarshi fikrga ega insonlar bilan suhbatlashing. Bu sizning to'g'ri qaror qabul qilish imkoningizni oshiradi.
5. Uch sabab qoidasi
Kimnidir nimagadir ishontirmoqchi bo'lsangiz, doim nima uchun inson bu ishni qilishi kerakligiga doir uch sababni keltiring. Aynan uch sabab. Shunda sizning dalillaringiz e`tiborga olinadi va unutilib ketilmaydi. Sizning nutqingiz esa tuzilmaviy va ishonchli bo'ladi.
Strategiya
6. Himoya devori
Qadimda qal`a uni dushmanlardan himoya qiluvchi devor bilan o'ralgan bo'lgan. Biznesni qal`aga taqqoslash mumkin. Muhofaza devori — bu kompaniyaning raqobatbardoshlik jihatdan afzalligi. Boshqacha aytganda, biznesni uni boshqalardan ajratib turuvchi noyob xususiyatlari himoya qiladi.
7. Tarmoq effekti
Tarmoq effekti bu foydalanuvchi yoki kompaniyaning boshqa odamlar ko'z o'ngida mahsulot qadr-qimmatiga ta`sir qilishidir. Biror bir tovarning qadr-qimmati xaridorlar soniga bog'liq. Tarmoq effekti kompaniya rivoji uchun mustahkam asos yaratadi.
8. Markazlashgan, markazlashmagan va taqsimlangan boshqaruv
Markazlashmagan va taqsimlangan boshqaruv tizimlari uchun funksiyalarni taqsimlash xos. Bu qaror tizimning barcha ishtirokchilari tomonidan qabul qilinishini bildiradi. Oliy rahbariyat minimal nazoratni amalga oshiradi va o'z xatti-harakatlarini boshqalar bilan muvofiqlashtiradi.
Markazlashgan tizimda esa butun bir jarayonni nazoratga olgan yagona boshqaruvchi markaz mavjud.
9. O'yinlar nazariyasi
O'yinlar nazariyasi insonning strategik vaziyatlardagi xatti-harakatlarini o'rganadi. Bunda tanlovni amalga oshirayotgan insonning boshqa odamlar javob reaksiyasini oldindan o'ylashi nazarda tutiladi. Strategik fikrlash nafaqat o'yinlarda, balki biznesda ham foydali. Boshqacha qilib aytganda, o'yinlar nazariyasi raqibning ustunligini minimallashtiruvchi strategiyani tanlashni nazarda tutadi.
10. Ko'lamda tejamkorlikka rioya qilish
Ko'lamda tejamkorlikka rioya qilish xarajatlar narxini oshirmasdan, kompaniyaning jadal o'sishini ta`minlaydi. Ushbu mental modeldan foydalanuvchi kompaniyalarga Google, Facebook va Twitter'ni misol qilish mumkin. Mazkur tarmoqlar foydalanuvchilari soni oshib bormoqda, biroq kompaniyalar bunga ortiqcha pul sarflamaydi.
Yetakchilik
11. Piramida tamoyili
Tamoyil uch asosiy punktda mujassam:
- Avval savolga javob bering;
- So'ng dalillarni to'g'ri shakllantiring;
- Oxirida o'z g'oyalaringizdan mantiqiy zanjir tuzing.
Piramida tamoyili uch sabab qoidasi bilan birgalikda yaxshi samara beradi. Bu suhbatdoshingizni ishontirishga va o'z nuqtai nazaringizni muvaffaqiyatli yetkazishga yordam beradi.
12. 99/50/1
Rahbar murakkab vaziyatlarda albatta o'zining ijrochilar guruhi bilan bog'lanishi kerak:
- loyiha endi boshlanganida, hali 99 foiz ishni bajarish kerak bo'lgan paytda;
- yo'l o'rtasida, 50 foiz ish ortda qolgan vaqtda;
- marraga yaqin qolganda, 1 foiz ish qolganda.
Ushbu usul sizga vaqtdan samarali foydalanishni, jamoangizga esa - arzirli mahsulot yaratish imkonini beradi.
13. Bevosita mas`ul shaxs
Bu atamaning (DRI — Directly Responsible Individual) paydo bo'lishi Apple kompaniyasiga borib taqaladi. U kun tartibida har bir punkt oldiga bevosita mas`ul shaxs ismi sharifini kiritadi. Har bir xodim o'z vazifasi uchun javobgar bo'ladi. Bunda tez-tez yig'ilish o'tkazish zarurati kamayadi.
14. Jamoalar jamoasi
Jamoalar jamoasida barcha xodimlar bir-biri bilan o'zaro bog'liqlikda ishlaydi. Qarorlar jamoaviy qabul qilinadi, zero barcha umumiy maqsad orqali bog'langan.
15. Radikal oshkoralik
Usul mohiyati - rahbarning xodimlarga sog'lom tanqidni yetkaza bilishida. Qo'pollikka yo'l qo'ymay, xushmuomalalik va ochiqlik bilan haqiqatni aytish kerak. Zero rahbar o'z jamoasidagi xodimlarning o'sishi va muvaffaqiyatga erishishidan manfaatdor.
16. Tingla, qaror qil, gapir
Bu mental model Twitter'ning sobiq bosh direktori Dik Kostologa tegishli. Uning ta`kidlashicha, qaror qabul qilayotganda aynan shunday tartibda harakat qilish kerak.
Manbaa: kun.uz