Biznes sirlari: ishini boshlayotgan tadbirkor nimani yoddan chiqarmasligi kerak

Muvaffaqiyat siri 14-12-2017 3745
Biznes sirlari: ishini boshlayotgan tadbirkor nimani yoddan chiqarmasligi kerak

Bozorni qanday baholash, investorlarni topish va mushkul vaziyatlarga tayyorgarlik ko'rish kerak? Bu savollarga javob istalgan startap asoschisiga qo'l kelishi aniq.

Startaplarni qanday qilib to'g'ri ishga tushirish va rivojlantirib borish haqida juda ko'p kitoblar yozilgan. Bu kitoblarda “qanday to'g'ri qilish kerak” mavzusidagi murakkab bo'lmagan, mushkul yoki juda ham “noyob” variantlar keltiriladi. Shu bilan birga, avvaldan g'alabaga eltuvchi va juda aniq yo'riqnomalar hech qayerda yo'qdir. Istalgan muvaffaqiyatli loyiha yoki kompaniya boshqalardan farqli bo'lgan “o'zining hayoti” bilan yashaydi. Omadsizlik tarixi esa bir-biriga juda o'xshash.

Quyida keltiriladigan maslahatlarning aksariyati tanish bo'lib ko'rinishi mumkin, biroq agarda bu matn hech bo'lmasa 2-3 insonga oddiy xatolarni qilmaslikka yordam bersa, demak vaqtimiz va sizning vaqtingizni bekorga sarflamagan bo'lamiz.

Qiyinchiliklarga tayyorgarlik ko'ring

Ilk startapi haqida o'ylayotganlarga shuni aytmoqchimizki, siz bu qaror bilan o'zingizni, ko'p holatlarda esa yaqinlaringizni ham, bir necha yillik ham moddiy, ham ruhiy qiyinchiliklarga duchor qilasiz: tartibsiz ish kuni, kichik maosh, doimiy stress va noaniqlik hissi. Albatta, omon qolganlarni finalda ajoyib g'alaba kutmoqda. Balki, aynan shuning uchun ham bu o'yinni o'ynab ko'rgan ma`quldir. Biroq, bu sohaga kirgan odam shuni tushunishi kerak-ki, o'zgalar tomonidan aniq belgilab berilgan qoidalarga ko'r-ko'rona rioya etish muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Bajarmaslik esa, katta ehtimol bilan, muvaffaqiyatsizlik va afsuslarga olib keladi.

/uploads/image/bstr1.jpg

Muammoni aniqlashtirib oling

Kodning birinchi qatorini yozishdan yoki ilk prototipni yaratishdan avval bir narsani aniqlashtirib oling – siz bo'lajak foydalanuvchi yoki mijozning hayotini aynan nima bilan yengillashtirmoqchisiz. “Sizning mahsulotingiz nima beradi”, degan savolga javobni bir gap bilan bildira oling. Agarda bunday javob qisqacha ko'rinishga kelmayotgan, ko'plab hozirgi nusxalar tilga olingan holda ta`rif berishga majbur bo'layotgan bo'lsangiz, o'tiring va o'ylab ko'ring – balki, e`tiborni ancha qisqartirish kerakdir.

Bozorni baholang

Siz mahsulotni aynan kimlarga mo'ljallaganingiz, bu auditoriya naqadar katta ekani va uni qayerdan topish mumkinligini tushunish muhim. Tahlillarni o'qib ko'ring, statistika va sohangiz bo'yicha marketing tadqiqotlarini o'rganing. Shuni e`tiborga olingki, bozorning 100 foiziga da`vogarlik qilish jiddiy narsa emas. Hattoki 20 foizi ham juda ko'pdir. Aytaylik, 5 yildan so'ng 2 foiz bilan boshlang. Katta ehtimol bilan, shuncha foizni qo'lga kirita olmaysiz, biroq bunday prognoz sizning taxminingizga hech bo'lmasa real ko'rinish beradi.

Raqobatchilarni o'rganing

Jiddiy tahlil qiling – sizga qadar yoki siz bilan bir vaqtda o'sha muammoni kim hal qilishga uringan yoki urinmoqda. “Bizda raqobatchilar yo'q” iborasi – sizning soddaligingizdan dalolat. Hattoki, siz o'ylab topgan narsaga o'xshash hech narsa bo'lmasa ham – undan yaxshirog'ini qidiring. Quyidagi savolni aniq tuzing va javobini tayyorlab qo'ying: “Mening mahsulotim hozir foydalanayotganimdan qanchalik yaxshi?”.

/uploads/image/bstr2.jpg

Sherikni tanlang

Loyihani bir o'zingiz boshlamang. G'oyangizga katta qiziqish bildiradigan, fikrlari sizga yaqin bo'lgan yoki, aksincha, sizni to'ldirib turadigan odamlarni qidiring. Yaxshi, samarali sheriklar bir-birini nafaqat ko'nikmalar bilan, balki fe`li bilan ham to'ldirib turadi. Bu shunday inson bo'lishi kerakki, u bilan ko'p yillar davomida aksariyat vaqtingizni o'tkazishga tayyor bo'lishingiz lozim. Yodda tuting, biznes bo'yicha sherik bilan ajralib ketish ko'p holatlarda er yoki xotin bilan, hattoki oila qurish bo'yicha shartnomaga ega bo'lgan holda ham ajrashishdan ancha murakkabroqdir. Statistikaga ko'ra, sheriklar o'rtasidagi qarama-qarshilik – yangi, juda yaxshi loyihalarning “ko'milishiga” asosiy sababdir.

Investorni jalb eting

Loyihani o'z pulingizga boshlaganingiz ma`qul. Yoki – qarindoshlar va do'stlarning mablag'iga. Biroq ertami yoki kech, agarda loyiha birinchi yarim yil-bir yil ichida muvaffaqiyatsizlikka yuz tutmasa, tashqi sarmoyalarni jalb etishga to'g'ri keladi. Investorni sherikning bir ko'rinishi sifatida qabul qiling: u bilan uzoq vaqt bo'lishga majbursiz. Siz kimdan va nima uchun pul olayotganingizni diqqat bilan tahlil qiling. Sarmoyadorlar turli xil bo'ladi. Agarda tanlov bo'lsa, loyihaga pullardan tashqari ta`sischi-sheriklar ega bo'lmagan narsani – masalan, foydali tanishlar yoki boshqa resurslari bor odamni tanlaganingiz ma`qul. Tanlov yo'q bo'lsa, o'zingizni kompaniya rivojining turli ssenariylarida qanday tutishingizni rejalashtiring. Sarmoyador bilan ishonchli va teng huquqli munosabatlarni yo'lga qo'yish – maxsus vazifa bo'lib, uni jiddiylik bilan, maksimal diplomatik tarzda hal qilish kerak.

Mijozni yaxshi ko'ring

Birinchi sotuvlar yoki loyihani tatbiq etish – loyiha muvaffaqiyatida muhim omil. Sizning ishlanmalaringizdan foydalanadiganlar bilan muloqot uchun istalgan imkoniyatlarni topishga harakat qiling. Oddiy narsani o'zlashtiring: sizga loyiha yaratuvchisi sifatida tushunarli bo'lgan narsa, boshqalarga umuman yoqmasligi va tushunarsiz bo'lishi mumkin. O'zingizning odatlaringizni boshqalarga o'tkazishga urinmang. Iste`molchilarni diqqat bilan tinglang, u sizning mahsulotingizdan foydalanayotganda qanday muammolarga duch kelayotganini tushunishga harakat qiling. Mijozga aql o'rgatishga ham harakat qilmang. Hatto eng inqilobiy qaror ham to'g'ri, ko'p holatlarda uzoq va bosqichma-bosqichli marketingni talab qiladi.

/uploads/image/bstr3.jpg

Muvaffaqiyatlar haqida gapiring

O'z muvaffaqiyatlaringiz haqida gapirishga uyalmang. Piar – marketingning muhim qismi. Ijtimoiy tarmoqlar, matbuot, televideniye bilan ishlang. Bugungi kunda muvaffaqiyatli startaplar haqida hamma yozish va gapirishga tayyor, to'g'ri joyni tanlash hamda yaxshilab o'ylangan strategiyaga amalga qilish o'ta muhimdir.

Muvaffaqiyatsizliklardan qo'rqmang

Hammasi ham birinchi urinishda sodir bo'lmaydi. Hattoki eng muvaffaqiyatli tadbirkorlar ham bir necha marta boshidan boshlashgan. Omadsizlikni keyingi loyiha muvaffaqiyati uchun o'ziga xos maydoncha sifatida qo'llay bilish – juda muhim jihatdir. Shu bilan birga, maqsadga erishish yo'lidagi qaysarlikni xatolarni tan olmaslik bo'yicha o'jarlikdan ajrata biling.

Ekspertlardan foydalaning

Hamma narsani bilish – imkonsiz. Sizning ishingizda sizdan ko'p narsani biladigan ekspertlarga murojaat qilishdan uyalmang. Ko'plab muvaffaqiyatli tadbirkorlar boshlayotgan odamlarga maslahat berishni yaxshi ko'rishadi, bundan foydalaning. Shunday odamlarni o'z tarixingiz bilan qiziqtira olishingiz muhim, birinchi navbatda, ruhiy jihatdan.

Manbaa: kun.uz

×