Byudjet daftarchasi bizga nimaga kerak?

Strategiya 29-09-2021 1002

Birinchi maqola

Oylik tartibda yozib boriladigan bu daftarcha sizga har oy qancha daromad topishingiz, nimalar sotib olishingiz, oy oxirigacha qancha mablag‘ jamg‘arib qolganingizni hisob-kitob qilishga beminnat yordamchi bo‘la oladi.

Bu kabi daftar tutishga insonlarda xohish kamayib ketgan bo‘lishiga qaramay, u moliyaviy hisob-kitoblarni tartibli qilib turadigan foydali uslublardan biridir. Faqat bunda byudjet daftarchasining belgilangan meʼyorlarga asoslangan bo‘lishi juda ham ahamiyatlidir.

Muhim: Byudjet daftarchasini shakllantirib borish adolatli bo‘lsangizgina foyda keltiradi. O‘zingizni aldab, raqamlarni o‘zgartirish orqali hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaysiz.

Byudjet daftarchasi yuritishning oltita sodda usuli

1. Barcha to‘lov cheklarini yig‘ing

Boshlashdan oldin to‘lov amalga oshirilganlik to‘g‘risidagi cheklarni yig‘ib chiqing. Masalan, bank kvitansiyalari, kommunal to‘lovlar va boshqalar.

2. Daromadingizni hisoblab chiqing

Har oy qancha daromad topasiz? Agar siz oyligingizni chek holida olsangiz va soliqlar oyligingizdan avtomatik ushlab qolinsa, daromad savatchangiz miqdori yaxshi hisoblanadi. Agar yollanma ishchi bo'lmasangiz va o‘zingiz yolg'iz ishlayotgan bo‘lsangiz, bola puli, ijtimoiy himoya kabi tashqi daromad manbalaringiz ham bor bo‘lsa, ularni daromadingizga qo‘shib hisoblasangiz bo‘ladi.

Maslahat: agar sizning mavsumiy ish yoki frilanserlik kabi o‘zgaruvchan daromad manbalaringiz ham bo‘lsa, ularni ham daromadingiz doirasiga qamrab olishingiz tavsiya etiladi.

3. Oylik xarajatlaringiz ro‘yxatini shakllantiring

Bir oy davomida qilinadigan chiqimlarni birma-bir yozib chiqing. Xuddi quyidagi kabi:

- Ijara to‘lovlari;

- Mashina xarajatlari;

- Sug‘urta;

- Oziq ovqat;

- Utilizatsiya xizmati;

- Xordiq chiqarish;

- Davolanish;

- Ko‘chada ovqatlanish;

- Farzand nafaqasi;

- Yo‘l xarajatlari;

- Kontrakt to‘lovlari (oilada talaba bo‘lsa) va boshqalar.

4. Doimiy-o‘zgarmas va o‘zgaruvchan xarjlaringizni belgilab oling

O‘zgarmas xarajatlar - bu siz muntazam pul sarflab turadigan xarajat turlari. Ijara to‘lovlari, internet provayderlari, chiqindi tashish xizmati va shu kabilar shu xarajat turiga kiradi. Bularning barchasi uzoq oylar davomida o‘zgarmasdan amalga oshiriladigan to‘lovlar sirasiga kiradi.

O‘zgaruvchan xarajatlar miqdori har oy o‘zgarib turadigan turdagi xarajatlardir. Masalan:

- Oziq-ovqat mahsulotlari;

- Benzin, gaz yoqilg‘ilari;

- O‘yin-kulgi, tomoshalar;

- Ko‘chada taomlanish;

- Sovg‘alar, bazmlar va boshqalar...

Maslahat: agar sizda favquloddagi holatlar uchun pul olib qo‘yilgan oilaviy jamg‘arma - fond bo‘lmasa, "Kutilmagan xarajatlar" kategoriyasini ham ro‘yxatga qo‘shib qo‘ying. Chunki bu kabi chiqimlarga tayyor turmaslik moliyaviy muvozanatning buzilishiga olib keladi.

Bu ro‘yxat shakllangandan keyin har bir kategoriya uchun taxminan qanchadan sarflashingizni hisoblab chiqing. Agar qancha xarajat qilishingiz mumkinligiga amin bo‘lmasangiz, o‘tgan chorak yillik davrni ko‘zdan kechirib chiqing.

5. Oylik kirim-chiqimni umumlashtiring

Topilgan daromad qilingan xarajatlardan ko‘p bo‘lsa, demak, siz yaxshi start olibsiz. Ortgan pulni o‘zingiz xohlagan biror foydali tomonga ishlatishingiz mumkin.

Maslahat: agar daromadingiz xarajatlardan yuqori bo‘lsa, pulni “50-30-20” taqsimlov usulida taqsimlab chiqa olasiz. Bu usulda ehtiyojlar, boshqacha qilib aytganda, muhim chiqimlar byudjetingizning teng yarimini tashkil qilishi, 30% qismi kundalik ehtiyojlaringizni qondirishga, qolgan 20% foizi esa shaxsiy jamg‘armangiz va qarzlaringiz bo‘lsa, ulardan qutilish uchun ajratilishi kerak.

Agar xarajatlaringiz daromadingizdan ko‘p bo‘lsa, bu shuni anglatadiki, siz pul bilan bog‘liq muomalalaringizni isloh qilishingiz kerak...

6. Xarajatlar oqimini o‘zgartiring

Yuqorida taʼkidlab o‘tilgandek, topayotgan pulingiz ehtiyojlaringizni qoplamayotgan bo‘lsa, o‘zgaruvchan xarajatlar kategoriyasidagi baʼzi bir chiqimlarni kamaytiring yoki butkul yo‘qoting. Masalan, ko‘chada ovqatlanish yoki fitnes zalga borishni to‘xtatib turish shular jumlasidandir.

Muhim: xarajatlaringiz miqdori juda baland, yoki katta qarzingizni to‘lash kerak bo‘lsa, o‘zgaruvchan xarajatlarni qisqartirish kifoya qilmaydi. Endi siz o‘zgarmas xarajatlarni ham qisqartirishingizga majbur bo‘lasiz.

Xarajat va daromad ustunidagi qiymatlar teng bo‘lishiga harakat qiling. Muvozanatda ushlab turilgan balans byudjet daftarchangizdan yaxshi foydalanayotganingizdan dalolatdir.

Byudjet daftarchasini shakllantirib olgandan keyin qancha sarf-xarajat qilayotganingizni nazorat qiling. Chiqimlar "qizil chiziq"qa yetganidan keyin o‘sha turdagi xarajatni biror oyga kamaytirishingiz kerak bo‘ladi.

Unutmangki, byudjet daftarchasini tutishdan asosiy maqsad xarajatlaringiz daromadingiz bilan teng bo‘lishi yoki undan ham kam bo‘lishini nazoratda saqlashdir.

Byudjet daftaringizni varoqlab turing

Vaziyatlar o‘zgaradi. Qadriyatlarimiz ortib boradi. Kasblarimiz almashadi. Harakatdan, o‘sishdan to‘xtamaymiz. Oila quramiz, farzandli bo‘lamiz va shu zaylda hayot davom etaveradi. Sizga esa har uch oyda byudjet daftarchangizni qayta tekshirib turishingizni maslahat beramiz. Bu sizga o‘tgan vaqt davomida moliyaviy holatingizni ko‘zdan kechirib u sizga foydali bo‘ldimi, yoki yo‘qmi, yana nima o‘zgartirishlar qilinishi kerakligini aniqlab olishga imkon beradi.

Esda saqlang: bu daftarcha sizning foydangizga xizmat qilishi kerak. Bundan boshqa maqsad uchun emas.

Davomi bor...


Muallif: Jeremy Vohvinkle

Manba: TheBalance.com nashri

Qobiljon Sobirjon o‘g‘li tarjimasi

×