Ikkinchi maqola
Gig iqtisodiyotda kasb turlari
Gig iqtisodiyoti tizimida asosiy maqsadi o'z iste’molchilari uchun qulay xizmat turlarini yo’lga qo’yish bo’lgan kompaniyalar tomonidan ko’plab ish o’rinlari yaratilgan. Quyida bu ishlar bilan bog'liq bir qancha misollar bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Virtual yordamchilik: frilanserlar Belay solutions, Upwork, Virtualassistants.com platformalari orqali administratorlik, qabulxona xodimi, loyiha menejerligi kabi ishlarni topa olishadi
- Avtomobilda xizmat ko’rsatish: Lyft va Uber kabi platformalar o’z foydalanuvchilariga ilova orqali biror safarni buyurtma qilish imkonini taqdim qilishadi. Bu kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlash uchun bitta mashina va bitta smartfon bo’lsa kifoya.
- Ijodkor frilanserlik: Agar sizga grafik dizayner yoxud kontent yaratuvchisi kerak bo’ladigan bo’lsa, Creative market, Fiver, Upwork va Guru onlayn platformalari sizni shunday kadrlar bilan beminnat ta’minlaydi.
- Yetkazib berish xizmati: Uber, DoorDash, Grubhub, Instacart va Amazon kompaniyalari bu borada siz haqingizda qayg’uradi. Ular siz istagan narsa oziq-ovqat bo’lsin yoxud kiyim-kechak, eshigingiz tagigacha eltib berishadi.
- Jismoniy mehnat: TaskRabbit va Handy kabi platformalar esa sizga jismoniy mehnat bilan yordam berishga tayyor frilanserlarni topishda ko’maklashadi. Masalan, oqsoch, bog’bon, qorovul kabi kasblar shular jumlasidan.
Biror platforma orqali ish topib ishlashni rejalashtirayotganda har bir frilanser qaysi onlayn ish bozori uning qadriyatlariga eng mos ekanligini aniqlab olishi va platforma taklif qilayotgan moslashuvchan ish grafigiga e’tibor qaratishi tavsiya etiladi.
Gig iqtisodiyotining yaxshi taraflari
- Moslashuvchanlik: Frilans yo’nalishlarda siz asosan o’zingiga o’zingiz boshliq bo’lasiz va qay tartibda ishlash, qachon ishlash, qayerda ishlash, qancha ishlashni o’zingiz hal qila olasiz va hatto buyurtmachini ham o’zingiz tanlay olasiz.
- Mustaqillik: Gig iqtisodiyotida faoliyat yuritish orqali pul topadiganlar hech qanday nazorat va ofisda ishlash zaruratisiz topshiriqlarni mutlaqo mustaqil grafik asosida bajarishlari mumkin. Ularga hech qanday oortiqcha yuklamalar yuklanmaydi.
- Ishlarning turliligi: Har doim bitta joyda, bir xil ishda ishlash o’rniga, turli xil qiziqarli loyihalarda ishlash davomida muammolarni hal qilish va ijodkorlik qobiliyatlaringizni ishga solishingizga majbur bo’lasiz.
- Biznes egalari uchun arzon ishchi kuchi: Bunda biznes egalari to’liq stavkada ishlaydigan ishchilarni yollash o’rniga, ulardan ko’ra ancha arzonga ishni bitirib berishga tayyor frilanser ishchilarni ishga solishga harakat qiladilar. Bu ularga o’z sohalari bo’yicha yangi talantlarni kashf qilishga va talabgorlar orasidan kerakli frilanserlarni tanlab olib, ularga malakasiga ko’ra pul to’lash imkonini beradi.
Gig ekonomiyasining yomon taraflari
- Doimiy bo’lmagan daromad: agar moslashuvchan ish jadvalingiz buzilsa, unda topadigan daromadingiz ham ishingiz bilan birga pasayishni boshlaydi. Ushbu sohada daromad topish bozorda sizga bo’lgan talabning borligi, siz bajara oladigan ishning borligi va buyurtmani qachon tamomlashingizga bog’liq qilib qo’yilgan.
- Foydaning kamligi: Bu qanday bo’ladi? Masalan, siz frilans bozordan olgan buyurtmangizni bajarish davomida biror falokatga uchradingiz yoxud jarohat oldingiz. Bunda buyurtmachi sizning davolanish yoki muolaja pullaringizni to’lab bermaydi. Boshqacha qilib aytganda, o’zingiz haqingizda qayg’urmasangiz, bu sohada birov siz uchun jonini garovga tikmaydi.
- Stress va charchoq: Bir vaqtning o’zida yoki ma’lum vaqt oralig’ida bir qancha loyihalar ustida ishlash moliyaviy tomondan foydali bo’lishi mumkin, ammo bu kuchli stress va charchoqqa ham sabab bo’lishi turgan gap. Masalan, agar siz yetkazib berish xizmatida ishlasangiz, ko’p ishlash energingiyangizni so’rib olib qo’yishi bilan birga, stress, hayot tarzingiz buzilishiga ham sabab bo’lishi mumkin.
- Soliq va xarajatlar: soha ishchilari o’zlarini o’zlari ish bilan band qilganliklari uchun ham soliq to’laydilar. Soliq miqdori turli mamlakatlarda turlicha. Soliqni o’z vaqtida to’lamaslik esa jarimaga olib boradi. Shuningdek, frilanserlar ish davomida kerak bo’ladigan buyum va texnikalar, masalan, avtomashina, kompyuter, aloqa vositasi va hokazolarni ham o’z hisoblaridan sotib olishga majburlar.
Asosiy xulosalar
- Gig iqtisodiyoti qisqa muddatli, moslashuvchan ish jadvali asosida olib boriladigan, biznes egalari tomonidan to’liq stavkali ishchilar o’rniga frilanserlar va vaqtinchalik yollanma ishchilarga taklif qilinadigan ishlardir.
- Soha ishchilari – frilanserlar – onlayn platformalardan yoxud frilans bozor uchun xizmat qiluvchi ilovalardan foydalanib individual buyurtmalar qabul qilib olish va ularni ma’lum muddatda tayyor qilib, bu uchun buyurtmachidan haq olish orqali pul topadilar.
- Gig iqtisodiyotidagi mashhur bizneslar: Fiver, Upwork, Uber, DoorDash, Grubhub, Instacart, Amazon va Guru onlayn platformalari
- Gig iqtisodiyotining moslashuvchanlik, mustaqillik va turfa xillik kabi yaxshi taraflari mavjud.
- Yomon taraflari esa doimiy bo’lmagan daromad, foydaning kamligi, depressiya, charchoq va soliqlar...
Muallif: Femi Levis
Manba: “thebalance.com” nashri
Qobiljon Sobirjon o’g’li tarjimasi