Investitsiya – iqtisodiy rivojlanish omili
Islohot
02-12-2017 2196
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamkorligida «O‘zbekiston Respublikasi Investitsion kodeksi konsepsiyasi loyihasi: dolzarbligi va investitsion qonunchilikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari» mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining tashabbusi bilan kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Investitsion kodeksi konsepsiyasi loyihasi muhokama etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiyotining taraqqiyoti bevosita investitsiyalar oqimiga bog‘liq. Bu borada davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni hayotga joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Muhokama etilayotgan konsepsiya loyihasi bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi. Konsepsiyaning hayotga tatbiq etilishi natijasida investor vizasi, investitsiya ssudasi, investitsiya soliq kreditlari, investitsiya subsidiyalari hamda xorijiy investorlar uchun qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar beriladi. Mazkur kodeks investitsiya munosabatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat tomonidan tartibga solish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan investitsiya subyektlari faoliyatiga aralashuvlarni kamaytirish, sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihada investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning murojaatlarini tezda ko‘rib chiqish, buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida, ishonchli himoya qilish kabi vazifalar ham o‘z aksini topgan. Loyihada investitsiyalar, jumladan, xususiy mulk himoyasini kuchaytirish, investitsion bozorda raqobatni rivojlantirishni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Davra suhbatida loyihaning partiya saylovoldi dasturidagi vazifalari bilan uyg‘un va hamohang jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, investitsiya qonunchiligidagi ziddiyatlarni bartaraf etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda "davlat – xususiy sektor" sherikligini rivojlantirish, investitsiya faoliyatini rivojlantirishdagi qog‘ozbozlik to‘siqlarini bartaraf etish partiya dasturidagi asosiy vazifalar hisoblanadi. Investitsiya kodeksida xususiy sarmoyadorlar kiritgan mablag‘lar xavfsizligini kafolatlash, iqtisodiy barqarorlik va moliya bozorini mustahkamlash orqali xususiy sarmoyadorlarni investitsiya bozoriga moyil qilish kabi maqsad-vazifalar belgilangan.
Konsepsiya loyihasini keng jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilish, unda ilgari surilayotgan tashabbuslarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga kengroq tushuntirish, loyiha yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish zarurligi aytildi.
Manbaa: uza.uz
×