​Katta qarzlardan qanday qutulish mumkin?

Strategiya 27-10-2021 3147


Birinchi maqola

Qarzlarni to’lash haddan tashqari og’ir tuyuladi, lekin to’g’ri tuzilgan “Qarzlarni to’lash rejasi” orqali ham katta qarzlarni to’lab qutulish, ham moliyaviy mustaqillikkacha erishish mumkin.

Qarzlarni to’lash uchun rejali ish olib borish moliyaviy holatingizni yaxshilash, yana bunday noqulay vaziyatda qolmaslikka harakat qilish va maqsadli to’lovlar amalga oshirish orqali xarajatlaringizni optimallashtirish imkonini yaratadi. Garchi hamma qarzni bir kunda to’lab tugatmasangiz ham, yaxshi tuzilgan reja orqali motivatsiya va qat’iyat bilan moliyaviy o’sishda yaxshi natijalarga erisha olasiz. Bunda yarim yo’lga yetganda orqaga qaytib ketmaslik muhim. Chunki natija ko’rinishi uchun, albatta, vaqt kerak.

Quyida qarzlarni budjet orqali nazorat qilish va rejali to’lab borish bo’yicha muhim jihatlarga to’xtalib o’tamiz:

Qarzlar ro’yxatini shakllantiring

Ishni eng oddiy va sodda bosqichdan boshlang. Qarzlaringizning hammasini bir ro’yxatga kiriting.

Ro’yxatni shakllantirib chiqqaningizdan keyin esa ularning har birini alohida bo’lim qilib ajratib chiqing va har oy to’lash uchun qancha mablag’ ajratishingizni ham yozib qo’ying. Masalan, sizning qarzga olingan kompyuteringiz va mashinangiz bor. Ularning har ikkalasiga har oylik to’lovni amalga oshirib qarzingizdan qutulishingiz kerak. Oyigingiz yoki oylik daromadingiz, taxminan, sakkiz million so’m. Siz uning teng yarimini shaxsiy ehtiyojlaringiz va oilangiz nafaqasi uchun sarf qilasiz. Qolgan to’rt million pulni esa oqilona taqsimlab, qarzlarni to’lashga ajratish kerak. Bunda bir miqdor pulni qora kunlarga saqlab qo’ygan holda qolgan qismini ma’lum bir nisbatda (3:1, 4:1) qarzlaringizga to’lab borasiz.

Xarajatlaringizni tahlil qiling

Endi navbat xarajatlarni nazorat qilishga. Ko’pchilik har oy qancha xarajat qilayotganini yozib borish haqida o’ylab ham ko’rmaydi. Biroq ulardan bu haqida so’rasangiz, “Bilmadim, o’rtacha shuncha-da”, - deb qo’yishadi. Vaholanki, aniq hisobini bilmaydilar. Bu esa hisob-kitobda va pul taqsimotida chalkashlikni yuzaga keltiradi.

Bundan saqlanish uchun xarajatlarni ma’lum kategoriyalarga bo’lib yozib borishga odatlanishga harakat qiling. Masalan:

- Ijara to’lovi:

- Kommunal to’lovlar;

- Oziq-ovaqt;

- Kiyim-kechak;

- Transport xarajatlari;

- Sug’urta to’lovlari;

- Ko’chada ovqatlanish;

- Jamg’arma, pensiya va hk.

Bank kartalari orqali qilingan to’lovlar bor bo’lsa, ular ham hisobdan chetda qolib ketmasligi kerak.

Bu kategoriyalar shakllantirib chiqilgandan keyin amin bo’lasizki, ba’zi narsalarga o’ylaganingizdan ko’ra ko’proq xarajat qilib yuborayotgan bo’lishingiz mumkin. Maslan, siz ko’chada taomlanish uchun $100 sarflayapman deb o’ylashingiz mumkin. Biroq, yozma qaydlar yuritish orqali bu xarajatingiz ko’proq, yoki aksincha, kamroq ekanini ko’rasiz. Shu tufayli har bir kategoriya doirasida aniq hisob-kitobli ish yuritishingizni tavsiya qilamiz.

Byudjet daftarchasi tuting

Odatiy xarajatlaringizni aniqlab olganingizdan keyin byudjet daftarchasini ham tuzsangiz bo’ladi. Bu daftarcha asosan ikkita narsani ko’rsatib turadi: qancha sarflaganingiz va qancha ishlab topganingiz. Yozma hisob-kitob yuritishdan maqsad esa har oyni foyda bilan yakunlash.

Jami bir nechta budjet usullari mavjud bo’lib, ulardan eng samaralilari 50/30/20 usuli, nol usuli va konvert usullaridir. Quyida barchasi haqida atroflicha so’z yuritamiz.

50/30/20 usuli

50 foiz daromadingizni (foydangizni) kundalik ehtiyojlaringiz uchun, 30 foiz pulni esa turli kutilmagan xarajatlar uchun, 20 foizini esa jamg’arma uchun taqsimlash usuli ham juda foydali. Bunda qarzingiz birinchi ellik foiz xarajatlar ichiga kirib ketadi. Bu kabi taqsimotning afzalligi shundaki, siz nimaga pul sarflash yaxshi, nimaga pul sarf qilish esa yaxshi emasligini bilib olasiz. Chunki pulingiz uchga bo’lingandan keyin uni tadbir bilan ishlatish harakatiga tushib qolasiz. Lesli Tayne “TheBalance” nashriga bergan intervyusida shunday deydi: “Hisobotga ega bo’lishingiz bilan, ehtiyojlardan muhimlarini saqlab qolib, ortgan pulni ham qarzlarni to’lashga yo’naltirishingiz mumkin bo’ladi”.

Nol usuli

Bu uslulda budjetingizdagi har bir so’mning hisob-kitobi bo’ladi va u pullar shunday aniqlik bilan taqsimlanadiki, oy oxirida cho’ntagingizda bir tiyin ham pulingiz qolmaydi. Agar bu usuldan qarzingizni to’lash mobaynida foydalanadigan bo’lsangiz, nol usuli qarzlaringiz uchun har oy to’lanadigan pul miqdori ortishiga va qarzingizdan ertaroq qutilishingizga xizmat qilishi mumkin.

Konvert usuli

Avval qaysi xarajat turiga qancha sarflamoqchi ekanligingizni belgilab oling. Keyin bir nechta konvertlarni olib, ichiga mos ravishda ma’lum xarajat uchun sarflanadigan pulni solib chiqing. Masalan, bu oy oziq-ovqat uchun 2 mln sarflamoqchisiz. Oziq-ovqat uchun ajratilgan konvertga 2 million mablag’ni soling va har safar yegulik uchun nimadir sotib olmoqchi bo’lsangiz, ana shu konvertdan sarflang. Konvertdagi pul tugagandan keyin kelasi oy kelguncha ana shu kategoriya uchun pul sarflamay turganingiz ma’qul. Biroq oziq-ovqat kunlik ehtiyoj tushadigan xarajat turiga kirganligi tufayli u uchun sarflanadiga pulni shaxsiy jamg’armangiz yoki boshqa xarajatlar uchun olib qo’yilgan puldan qoplasangiz ham zarari yo’q. Ushbu usulda eng muhimi - pulni to’g’ri taqsimlab chiqish.

Albatta, bu usul barcha uchun qulay bo’lmasligi mumkin. Lekin qaysi usulda hisob yuritishingizdan qat’iy nazar, pulingizni to’g’ri nazorat qila olishingizdir.

Byudjetingizni shakllantirib olganingizdan keyin qilinadigan birinchi ish qarzlarni kun tartibingizdagi hal qilinishi kerak bo’lgan muammolar tarkibidan chiqarib tashlash, ya'ni ulardan to'lab qutilishdir. Quyidagi ikki “Qorto’p” va “qor ko’chkisi” usullari qarzlarni to’lashda samarali vositalar hisoblanadi.

“Qorto’p” usuli: har oy qo’lingizga tushgan ortiqcha pulni kichik qarzlaringizni to’lashga sarflang. Masalan, telefon xaridi, kiyim-kechak, uy-ro’zg’or buyumlari va hokazo. Bir kichik qarz to’lab bo’lingandan so’ng keyingisiga o’ting.

“Qor ko’chkisi” usuli: boshqa qarzlarni ham minimum qiymatdagi mablag’ bilan to’lab borishni unutmagan holda har oy oshgan puldan katta xarajatlaringizni to’lash uchun ham mablag’ ajrating. Masalan, mashina, uy to'lovlari va hk. Shunday qilib kichigidan kattasiga qarab qarzlarni to’lab borishga odatlaning.

Qarz to’lash mobaynida shunday bir yechimga kelingki, u yechim sizning hayotdagi qadriyatlaringiz, hayot tarzingiz, moliyaviy holatingizga to'liq mos-muvofiq kelsin. Hech qachon o’zingizni qiyin ahvolga solib qo’yadigan usullardan foydalanmang. Nima siz uchun qulayligini esa yuqorida sanab o’tilgan usullarni oz-ozdan amalda qo’llab ko’rish orqali aniqlashingiz mumkin.

Qarz to’lovlaringizni nazorat qilib boring

“Har oyda shuncha qarzimdan qutilishim kerak” - deb maqsad qilsangiz, qarz to’lovlaringizni va qarzningiz kamayayotganini kuzatib borish quvonarli jarayon. Agar bu jarayonda biror kichik xato qilsangiz ham qattiq havotirga tushmaysiz, chunki umumiy holda hammasi juda yaxshi ketayotgani shashtingiz so’nmasligiga yaxshi sabab bo’la oladi.

Hozir yana bir qancha foydali jihatlar haqida ham to’xtalib o’tishning ayni vaqti:

- Oylik to’lovlar, hisob raqam va qarzlarni o’zida aks ettiradigan elektron jadvallardan foydalaning. Har bir qilingan to’lovni kuzatib, qancha qarz qolganini ham muntazam kuzatib boring;

- Hisob raqamlaringizni har hafta kuzatib borish uchun bepul qarz monitoringini nazorat qiluvchi ilova va xizmatlardan foydalaning. Umid qilamizki, bu sizga qarzlaringiz uzilishi va daromadingiz yana o’z o’rniga tiklanishini nazorat qilib borish uchun keng qulaylik taqdim qiladi;

- Qarzlardan qaysi biri qachon to’lab bo’linishi kerakligini eslatib turishi uchun qog’oz yoki elektron kalendardan foydalaning.

Umumiy maslahatlar

Qarz to’lovlarini to'lab borish birmuncha vaqt oladi. Lekin bu uddalab bo’lmaydigan ish emas. Quyida bu mavzuga doir fikrlarimizni umumiylashtiruvchi bir qancha muhim tavsiyalarga to’xtalib o’tmoqni lozim bildik:

- Qarzlarni to’lash qiyinlashib qolganda, jamg’armangizda ham ehtiyot shart saqlab qo’yilgan pul turishiga e’tiborli bo’ling;
- Bir qarzni to’lab bo’lib, keyingisini to'lashga o'tish orasida katta tanaffus qilmang. Darhol ikkinchi qarzingizni to’lashga o’ting. Bu sizga vaqtdan yutishingizga yordam beradi;
- Qarz miqdori qarzingizni to’lashingiz bilan kamayib, qisqarib boryaptimi, yo’qmi, nazorat qilib boring;
- Qarz to’lash mobaynida oyligingiz kamayishi yoxud daromadingiz ozayishi mumkinligini hisobga olib, byudjetingizni qayta shakllantirib chiqishga tayyor turing;

- Hamma qarzlardan qutilib bo’lganingizdan keyin pulingizdan oqilona foydalanishga va boshqa qarz olmaslikka astoydil harakat qiling.

Muallif: Courtney Jonson

Manba: “thebalance.com” nashri

Qobiljon Alimjanov tarjimasi

×