Iqtisodiy islohotlar – mamlakat taraqqiyotining muhim omili

Islohot 03-12-2017 1589

O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar, chet el kapitali ishtirokida tuzilgan korxonalar faoliyatini rag‘batlantirish uchun keng ko‘lamli huquqiy kafolat, imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ana shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromov, Iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i D.Abduazizov va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan mustahkam huquqiy asos yaratilganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari xususiy mulkni huquqiy himoya qilishni kuchaytirib, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratdi, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish borasidagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida ushbu sektorning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 54,6 foiz, sanoatda 43,8, eksportda 31,8 va investitsiyalarda 38,3 foizgacha oshdi.
Anjumanda O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy jozibadorlikni yanada yaxshilash, xorijiy investorlar va chet el kapitali ishtirokida tashkil qilingan korxonalar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat organlari aralashuvini tubdan qisqartirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yuritish uchun tartib-taomillarni yanada qisqartirish, sayyohlik sohasini jadal rivojlantirish mavzulariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi.

Tadbir ishtirokchilariga yurtimizda xorijiy investorlar va ularning huquqlari va mablag‘ini himoya qilish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar, iqtisodiyotimizning xalqaro hamkorlik uchun jozibador bo‘lgan muhim va rivojlanayotgan tarmoqlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

– Biz bugun ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Kumar. – O‘zbekistonda xorijiy sarmoyani jalb qilish uchun qulay investitsiya muhiti va sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda yurtingizda Hindistonning yuzga yaqin kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.


Manbaa: uza.uz

×