Konvert usuli barcha uchun foydalimi?
Ikkinchi maqola
Oldingi maqolalarimizdan birida byudjet daftarchasi bizga nima uchun kerakligi haqida so‘z yuritgan edik. Taqdim qilinayotgan ushbu maqolada esa byudjet daftarchasidan qay yo‘sinda foydalanish kerakligi, undan tashqari yana qanday foydali usullar orqali xarajatlarimizni nazorat qilishimiz mumkinligini o‘rganib chiqamiz (tarjimon izohi).
Byudjet daftarchasidan qanday foydalanamiz?
Byudjet daftarchasi tutishni yo‘lga qo‘yib olganingizdan keyin har bir xarajat turi bo‘yicha qanchadan pul sarflaganingizni har kuni yozib, nazorat qilib borishni kanda qilmaslikni tavsiya qilamiz. Shu bilan birga, byudjet bloknotlar va ilovalardan foydalanib ham kirim-chiqimlar ro‘yxatini shakllantirib borish samarali bo‘ladi.
Oy davomida xarajatlarni bir joyga yozib borish sizni ko‘p pul sarflab yuborishdan to‘sadi va pul isrof qilmasdan ham yashasa bo‘ladigan bir qancha keraksiz xarajatlaringizni aniqlab olishingizga yordam beradi. Taʼkidlash o‘rinliki, bu qaydlarni yozib borish atigi bir necha daqiqangizni oladi, xolos. Hamma ishni oy oxiriga qoldirish shart emas. Shunday ekan, erinchoqlikni yengib bugunoq boshlang.
Agar pullaringizni yozma shaklda samarali nazorat qilib bora olishingizga amin bo‘lmasangiz, “Konvert” usulidan foydalaning. Bu usulda siz naqd pulingizni xarajatlaringizga yetadigan miqdorda taqsimlab, konvertlarga solib chiqasiz. Qachon bir konvert bo‘shasa, ana shu konvertdagi pullar ajratilgan xarajat kategoriyasi uchun pul sarf qilishni to‘xtatishingiz kerak bo‘ladi.
Byudjet daftarchasini yuritar ekansiz, qancha pul sarflaganingizni kuzatib boring. Biror kategoriyada xarajatlar o‘z chegarasiga yetganda, o‘sha yo‘nalish uchun pul sarflashni oy oxirigacha to‘xtatishingiz yoki boshqa xarajatlar uchun ajratilgan puldan qo‘shimcha xarajatni qoplab turishingiz kerak bo‘ladi.
Tekshirib turish va o‘zgartirishlar kiritish
Vaziyatlar o‘zgarib, qadriyatlarimiz ortib borar ekan, ishlarimiz ham almashadi. Har chorak yil (uch oy) ortda qolganda, bir joyga o‘tirib byudjet daftarchasi yuritish siz uchun qanchalik foydali bo‘lganini, u sizning manfaatlaringizga xizmat qilyaptimi-yo‘qmi, tahlil qilish juda muhim. Agar biror elektron qurilmaga, masalan Excel dasturiga hisob-kitob qaydlaringizni yozib borsangiz, tahlil qilishingiz yana-da osonlashadi. Bu bilan istalgan yo‘nalishdagi xarajat kategoriyasini boshqa biridan ustunligi qay darajada ekanligini aniqlash ham osonlashadi.
Yana bir bor eslatamiz, byudjet daftarchasi sizning foydangizga xizmat qilishi kerak, boshqa maqsad uchun emas.
Qisqacha maslahatlar
Byudjet daftarchasini moliyaviy ahvolingizga mutanosib yuritib boring. Bu haqida quyida kengroq to‘xtalib o‘tamiz:
- Agar tijoratchi bo‘lsangiz yoki sotgan mahsulotingiz tushumidan maʼlum bir foizini daromad sifatida oladigan sotuvchi bo‘lsangiz, bozorda savdo hajmi kamayadigan davr uchun ehtiyot chorangizni ko‘rib qo‘ying.
- Agar qarzlaringiz ko‘payib ketayotgan bo‘lsa, oylikka qarab yashasangiz, pulingizni haftalarga teng taqsimlab chiqib ishlatish usulini ham sinab ko‘ring.
- Qarzlaringiz bo‘lsa, ularni bank hisob raqamingizdagi pul orqali to‘lang.
- Byudjet daftarchasini oyma-oy muvofiqlashtirib boring, chunki siz xarajatlarni ortiqcha yoki kam hisoblab qo‘ygan bo‘lishingiz ehtimoli doim bo‘ladi. Bir yilda bir marta, bir necha oyda bir marta bo‘ladigan katta xarajatlar, masalan, chet elga sayohatga chiqish, davolanish, avtosug‘urta kabi xarajatlarni ham umumiy hisobga kiritib qo‘ying.
- Agar biror xarajat turiga meʼyordagidan ko‘p pul sarflab yuborayotgan bo‘lsangiz, naqd pullar xarjini yana-da optimallashtirishga harakat qiling.
- Xarajatlarni daromadingizdan kamaytirishga erishishingiz bilanoq, uzoq yillik maqsadlaringizga erishish uchun ham pul tikishni boshlang.
- Moliyaviy savodxonligingizni oshirish uchun ko‘proq kitob o‘qing, turli xil moliyaviy bilimlarni o‘rganishga vaqt ajrating. Toki pulingiz doim sizning manfaatlaringizga, hayotingizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qilsin.
Muallif: Jeremy Vohvinkle
Manba: TheBalance.com nashri
Qobiljon Sobirjon o‘g‘li tarjimasi