Ko’proq samaradorlik istaysizmi? Kamroq ishlashga harakat qiling - Ayollar uchun maxsus tavsiyalar

Strategiya 02-10-2022 804
Ko’proq samaradorlik istaysizmi? Kamroq ishlashga harakat qiling - Ayollar uchun maxsus tavsiyalar

Xulosa: Agar biz ishda unumdorligimiz hamda uyda baxtimizni mustahkamlamoqchi, ham shaxsiy, ham kasbiy hayotimizda yanada muvaffaqiyatli bo’lmoqchi bo’lsak, aslida, kamroq harakat qilishimiz kerak. Ammo bu juda qiyin, chunki siz bir vaqtning o’zida ish, ota-onalik, do’stlik va hokazolarni muvozanatlashtirasiz. Sizni band qiladigan, ammo natija bermayotgan ishlarni bajarishni to’xtatsangiz, muhim narsalar uchun yetarlicha vaqtga ega bo’lasiz.

Vazifalar ro’yxatidagi qaysi yumushlar sizga eng ko’p foyda keltirishi va qaysi birini qilishni to’xtatishingiz bilan “osmon uzilib yerga tushmasligini” aniqlashga yordam beradigan oddiy mashqni bajarishingiz mumkin. Hayotingizning yaxshi natijalarga erishmoqchi bo’lgan va kamroq stressga sabab bo’ladigan sohasiga asosiy diqqat-e’tiboringizni yo’naltiring. Qog’ozning bir tomoniga o’sha sohada qilgan vazifalaringizni yozing, ikkinchi tomonida esa bu sohada erishgan yutuqlaringizni sanab o’ting. Keyin qaysi vazifalar ushbu muvaffaqiyatlarga bevosita hissa qo’shganini aniqlang. Natijaga to’g’ridan-to’g’ri xissa qo’shmagan har qanday narsa bajariladigan vazifalar ro’yxatidan yo’q qilinishi, sezilarli darajada kamaytirilishi yoki boshqa birovga topshirilishi mumkin.

Bizga o’rgatishdiki, agar biz ko’proq narsalarni - pul, yutuq, keraklilik, quvonch, xotirjamlik hissini, masalan - xohlasak, ko’proq narsani qilishimiz va doimiy ravishda o’sib borayotgan ishlar ro’yxatiga undan ham ko’proq ishlarni qo’shishimiz kerak. Ammo biz noto’g’ri o’qitilgan bo’lsak-chi? Agar biz xohlagan narsamizni ko’proq olish uchun sabab bo’ladigan omil umuman qo’shish emas, balki ayirish bo’lsa-chi?

Ma’lum bo’lishicha, dalillar shuni ko’rsatadiki, agar biz mahsuldorligimiz va baxtimizni oshirmoqchi bo’lsak, aslida kamroq harakat qilishimiz kerak. Devid Rok, “Sizning miyangiz ishda” kitobining muallifi, biz 40 soatlik ish haftamizga nomutanosib ravishda, haqiqatan ham ishimizga haftasiga atigi olti soat e’tibor qaratayotganimizni aniqladi. Agar siz o’zingizni band his qiladigan, lekin natija bermayotgan (va kuchingizni havoga sovurayotgan) ishlarni bajarishni to’xtatsangiz, muhim narsalar uchun yetarli vaqtga ega bo’lasiz hamda bardavom tinchlik va bemalollik tuyg’usini ham his qilasiz.

Bolalar, ish, do’stlar, ehtiroslar, logistika va boshqalar bilan to’lib-toshgan hayotga ega odamlar, natijalarimizni xavf ostiga qo’ymasdan o’zimizga ko’proq vaqt ajratish va stressni yengillashtirish uchun kamroq ish qilish donoligini qanday o’rganishimiz mumkin?

Hamma gap shundaki, biz nima qilmaslik kerakligini aniqlashimiz kerak. Ammo bu qaror tasodifiy harakatlar orqali yo’lga qo’yilgan bo’lishi mumkin emas. U professional izchillik va dalillarga asoslangan holda bo’lishi kerak. Tadbirkorlik va onalikning ikki tomonlama jabhalarini egallagan ayollar bilan olib borgan ishim orqali men odamlarga o’z vazifalari ro’yxatidagi qaysi mashg’ulotlar ularga eng ko’p foyda keltirishi hamda u vazifalardan qaysi birini qilishni to’xtatishi mumkinligini hal qilishda yordam berish uchun hayratlanarli darajada oddiy bir mashq yaratdim.

Bu mashq qanday ishlaydi:

1-qadam: Bir varaqning o’rtasidan uzunasiga chiziq torting.

2-qadam: Hayotingiz yoki ishingizda yaxshi natijalarga erishmoqchi bo’lgan va stressni kamaytirmoqchi bo’lgan sohani tanlang. Misol uchun, siz hamkasblaringiz orasida fikr yetakchiligini o’stirishni va hammaga fikrlaringiz asosli ekanligini bildirishni xohlaysiz.

3-qadam: Chap tomonda ishingiz yoki hayotingizning ushbu sohasida bajaradigan vazifalar yoki faoliyatlaringizni sanab o’ting. Intiluvchan fikr yetakchisi sifatida konferentsiyalarda qatnashish, nutq so’zlash uchun tashkilotlarni taklif qilish, yangi maqolalar yozish, o’qish, izlanishlar va hokazolarni ro’yxatga olishingiz mumkin.

4-qadam: O’ng tomonda o’sha sohadagi eng katta “yutuqlaringiz” ro’yxatini tuzing, masalan, turli davra suhbatlaridagi nutq chiqishlari, ishda chinakamiga erishgan yutuqlaringiz, taqdimotlar yoki yirik loyihada qabul qilingan fikringiz va hokazo. Bu ko’pincha ba’zi odamlar uchun qiyin qadam bo’lishi mumkin. Chunki biz yoshligimizdan o’zimizni g’alabalarimiz bilan tabriklash uchun ma’naviy jihatdan tayyor bo’lmaganmiz. Shuning uchun ko’pincha odamlar o’zlarining “g’alabalari”ni ro’yxatga olishda bo’sh joy chizib qo’yishadi. Ijobiy bo’lgan har qanday natija (bir marta yoki qayta-qayta erishilgan bo’lsin, farqi yo’q) ushbu ro’yxatga kiritilishi mumkin. “To’g’ri” narsalarni sanab o’tishga shoshilmang. Faqat sizga keladigan yutuqlarni sanab o’ting.

5-qadam: Har bir eng katta yutug’ingizni ushbu natija uchun bevosita aloqador bo’lgan faoliyat yoki vazifa bilan bog’laydigan chiziq chizing. Masalan, o’qish va izlanish siz tayyorlagan maqolani nashrga qabul qilish uchun juda muhim edi, shuning uchun ikkalasini bir-biriga bog’lang.

6-qadam: Katta yutuqlaringizga sabab bo’lgan, qog’ozning chap tomonidagi barcha harakatlar va vazifalar ustidan dumaloq aylana chizib, ularni doira ichiga oling. Qolgan narsalarga qarang. Aylana ichiga olinmagan ishlar, nima bo’lishidan qat’iy nazar, siz bajarishni butunlay to’xtatishingiz, sezilarli darajada kamaytirishingiz yoki bajarilishi shart bo’lsa, ushbu vakolatni kimgadir berishingiz kerak bo’ladi.

Misol uchun, agar har oyda bir marta konferentsiyalarda qatnashish uchun safar qilish sizning hech qanday yutug’ingizga to’g’ridan-to’g’ri hissa qo’shmasligini aniqlasangiz, bu ishni chetga surib qo’ying yoki qo’yib bering, o’rningizga bu ishni boshqa odam bajarsin.

Xuddi shu yondashuv hayotingizning boshqa sohalarida qayerda kamroq harakat qilishni aniqlash uchun ishlatilishi mumkin. Misol uchun, agar siz farzandlaringiz bilan ko’proq muloqotda bo’lishni istasangiz, o’zingizni eng yaxshi ota-ona sifatida his qilganingizda bir nechta aniq xotiralar yoki “g’alabalar”ni sanab o’tishingiz mumkin. Masalan, yakshanba tongida bog’cha yoshidagi bolangiz siz bilan birga kir yuvish paytida ahmoqona qo’shiqlar kuylasa yoki o’smir yoshidagi farzandingiz sizga yuragini ochib, sirlarni aytib berishi uchun o’zini qanchalik xavfsiz his qilganini bilganingizda juda xursand bo’lasiz.

Endi muntazam ravishda bajaradigan vazifalaringiz haqida bir o’ylab ko’ring: kir yuvish, tushlik qilish, bolalaringizga uyga vazifaarini bajarishni eslatish, bolangizning maktabdagi o’qituvchisi bilan muntazam aloqada bo’lib turish, biror joyga mehmonga ketayotganda oilangizdagi har bir kishi munosib kiyim kiyganligiga ishonch hosil qilish va pediatr bilan uchrashuv rejalashtirish va hokazo. Garchi bu vazifalarni bajarish kerak bo’lsa-da, bu mashq bizga ushbu harakatlarga kamroq vaqt sarflashga imkoniyat berishi mumkin. Ko’pincha biz “qilinishi kerak” deb o’ylaydigan narsalar shunchaki biz ularni har doim qilganimiz yoki atrofimizdagi odamlar u ishlarni doimiy bajarib yugani uchun biz ham qilishimiz kerak deb o’ylaymiz. Bunday nuqtai nazar, biz bu vazifalarni kech bajarganimizda, xato qilganimizda yoki ularni bajarishga kimdandir yordam so’raganimizda ortiqcha stressni keltirib chiqaradi. Ehtimol, maktabda ota-onalar qo’mitasida xizmat qilish o’rniga, vaqti-vaqti bilan ota-onalar va ustozlar yig’ilishda qatnashib turishingiz yoki majlislarda muntazam ravishda qatnashib yuradigan boshqa ota-onani kuzatib borishingiz mumkin. Ehtimol, siz o’zingizga eslatib o’tirmasdan, farzandlaringiz maktab darslarini har kuni ma’lum bir vaqtda bajarishlari uchun mas’ul bo’lgan tizimni o’rnatishingiz mumkin. Boshqa tomondan, agar siz o’g’lingiz bilan tushlik qilish ular uchun samimiy suhbatni boshlash imkoniyatini berganini bilsangiz, ehtimol bu sizning ro’yxatingizda saqlamoqchi bo’lgan narsadir, bu yog’i ixtiyorlidir.

Ushbu mashqni hayotingizni yaxshilashni istagan ko’plab sohalarda takrorlang. Shafqatsiz bo’ling. Va sizga nima quvonch keltirishi haqida o’ylashni unutmang. Baxt gormoni nafaqat kishini kamida 12%ga samaradorligini oshiradi, balki hayotni, birinchi navbatda, chiroyli yashashga ham turtki bo’ladi.

Albatta, hayot yutuqlar ro’yxatini yig’ishdan iborat emas. O’zingizga, oila a’zolaringizga, quvonchli lahzalarga ko’proq vaqt ajratish va vaqtingizdan mazmunli foydalanish uchun nima qilishni to’xtata olasiz? Keyingi safar o’z oldingizga maqsad qo’yganingizda yoki hayotingizning biron bir sohasini yaxshilashga qaror qilganingizda qo’shish o’rniga ayirishni unutmang. Kamroq ish qilishdan xursand bo’ling.

Muallif: Kate Northrup

Manba: HBR.org

Qobiljon Alimjanov

×