Moliyaviy savodxonlik nimadan boshlanadi? (Ikkinchi maqola)
Moliyaviy savodxonligingizni oshiruvchi strategiyalar
Ikkinchi maqola
Moliyaviy savodxonligingizni rivojlantirish byudjet yuritish, qarzlarni to’lab borish va ularning ko’payib ketmasligini oldini olish, qarz-oldi berdisi, investitsiya kiritish yo’l yo’riqlarini o’rganish va tajribada sinovdan o’tkazishni o’z ichiga oladi. Quyida e’tiborga molik bir qancha strategik usullarga to’xtalib o’tamiz:
- Byudjet yuritish – oldingi maqolalarimizdan juda yaxshi ayonki, bu usul moliyangizni boshqarishning eng sodda va smarali usullaridan biri hisoblanadi. Oddiy bloknot, Excel dasturi yoki byudjet ilovasi orqali kirim-chiqimlaringizni yozib borasiz. Byudjetingiz daromadlar (investitsiyalar, hamkorlik bizneslari, hatto aliment)ni, doimiy xarajatlar (ijara, kontrakt, kommunal to’lovlari, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqalar)ni, ixtiyoriy xarajatlar (muhim bo’lmagan xarajatlar, masalan, ko’chada ovqatlanish, turli hadyalar sotib olish, mayda qarz to’lovlari, sayohat xarajatlari va hokazolar)ni va pul jamg’armalaringizni o’z ichiga qamrab olishi kerak.
- Rejali ish ko'ring – masalan, siz uy olgansiz va har oy u uyga to’lov qilib borishingiz kerak. Mana shu holatda boshqa xarajatlaringizni va qarzlaringizni ham hisobga olgan holingizda uy uchun har oy qancha pul to’lab bora olishingizni hisoblab chiqishingiz kerak bo’ladi.
- To’lovlarni kechiktirmay to’lang – har oy to’lanadigan to’lovlarni oy boshidan to’lab borishga e’tiborli bo’ling.
- Qarzlaringizni nazorat qiling – byudjet qo’llanmangiz orqali qarzlaringizni to’lab borishingizni nazroat qiling. O’zingiz uchun qarzdan qutilish rejasini tuzib chiqing.
- Kelajakka sarmoya kiriting – bunda shaxsiy pensiya jamg’armangizni ochib, hisobingizga pul yig’ib borish eng optimal usullardan biri.
Moliyaviy savodxon kishiga misol
N. xonim - maktab o’qituvchisi. U o’z o’quvchilariga moliyaviy savodxonlik haqida kerakli bilim va tushunchalarni berib borishga harakat qiladi. U maktabda “Iqtisodiy bilim asoslari” fanidan dars beradi. Fan doirasida o’quvchilariga shaxsiy byudjet yuritish malakalari, qarzni samarali usulda to’lash yo’l-yo’riqlari, ta’lim va pensiya jamg’armalariga pul ajratish ahamiyati, sug’urtaga oid bilimlar, investitsiya va soliq to’lovlari haqida bilim o’rgatib boradi va o’rgatganlariga o’zi ham amal qilib borishga intiladi. N. xonim aytadiki, maktab yoshidagi bolalar uchun bu kabi bilimlar muvofiq bo’lmasligi mumkin, lekin ular yoshliklaridan bu ko’nikmalarni o’zlarida shakllantirib borishga harakat qilishlari kerak bo’ladi. Chunki ular hayotlari davomida bu bilimlar naqadar zarur ekanligini chuqur anglab boradilar.
Bu kabi tushunchaga ega bo’lmagan yoshlar esa moliyaviy tajribasizlik tufayli katta qarzlar va kreditlar to’lashga majbur bo’lishlari, boshlagan bizneslarida pulni to’g’ri taqsimlash va to'g'ri boshqarishda muammolarga uchrashlari mumkin. Buning oldini olish uchun esa ulardan boshlang’ich bilimlarni mustahkam egallashlari talab etiladi. Shuningdek, N. xonim o’quvchilari maktabni tamomlaganlaridan so’ng qaysi sohada faoliyat yuritishlaridan qat’iy nazar pensiya jamg’armasi va soliqlar haqida ham tushunchaga ega bo’lish ular uchun foydali ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Muallif: Jason Fernando
Manba: Investopedia.com nashri
Tarjimon: Qobiljon Alimjanov