Moliyaviy savodxonlik nimadan boshlanadi?

Tiyinopedia 09-11-2021 1422
Moliyaviy savodxonlik nimadan boshlanadi?

Birinchi maqola

Moliyaviy savodxonlik deganda moliyaviy menejment, byudjet va investitsiya kabi bir qancha muhim bilim va ko‘nikmalarni tushunish hamda hayotda samarali qo‘llay olish tushuniladi. Moliyaviy savodxonlik pul bilan muomalangizning asosi bo‘lib, u umr bo‘yi davom etadigan jarayonidir. Bu bilimni o'rganishni qancha erta boshlasangiz, shuncha erta muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin, chunki gap qachon pulga kelib taqalganda, pul bilan muomala qilish ilmi erishiladigan muvaffaqiyat uchun bosh sabab, asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shuning uchun qanday qilib moliyaviy jihatdan savodxonlikka erishish va shaxsiy moliyani maqsadlar sari to‘g‘ri yo‘naltirish mumkinligini o‘rganish har birimiz uchun ahamiyatlidir. Agar bu bilimni hech qanday ustozlarsiz, mustaqil ravishda o‘rganadigan bo‘lsangiz, unda o‘rganganlaringiz yodingizda yaxshi qolishi va foydasi yanada ko‘p bo‘lishi uchun bu bilimni oila aʼzolaringiz va do‘stlaringizga ham o‘rgatishga harakat qiling. Ko‘pchilik odamlar bu kabi moliyaviy ko'nikma va bilimlar o'rganishni zerikarli yo keraksiz deb biladilar. Lekin aslo unday emas.

Moliyaviy savodxonlikni tushunish

Yaqin yillar ichida moliyaviy mahsulot va xizmatlar barcha rivojlangan jamiyatlar bo‘ylab keng yoyildi. Dastlab kishilar mahsulotlarni naqd pulga sotib olgan bo‘lsalar, bugunga kelib karta orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish ommalashib bormoqda.

Moliya bilan bog‘liq boshqa produkt turlari, xususan, ipoteka, kontrakt to‘lovlari, sug‘urta va investitsiyalar haqidagi bilimlar ham har doimgidan ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi bilimlarni o‘rganishga ehtiyoj ortgani sari ularni har bir shaxs o‘zlashtirishi muhim bo‘lib bormoqda.

Moliyaviy savodxonlik nomi ostiga kirib ketuvchi yana ko‘plab tushuncha va ko‘nikmalar mavjud bo‘lsada, oila byudjetini yuritish, yig‘ilib qolgan qarzlardan imkon qadar tezroq qutilish usullari, ayirboshlashga berilgan mahsulotlar va investitsiyalarni to‘g‘ri nazorat qilib borish malakasi moliyaviy savodxonlikning eng mashhur shakllari hisoblanadi va hammasi mana shunday sodda va birlamchi bo‘lgan bilimlarni o'rganib borishdan boshlanadi. Bunda siz eng kamida moliyaviy bilimning asosiy jihatlari, masalan, pulning qadrsizlanishi, qarz oldi-berdisi kabi tushunchalarga ega bo‘lishingiz talab qilinadi.

Bugungi rivojlanib borayotgan jamiyatlarda kishilarga moliyaviy savodxonlikning yetishmasligi ularning uzoq muddatli faoliyatlari davomida, muvaffaqiyatga erishishlari yo‘lida to‘sqinlik qilishi mumkin. Chunki kishi pul bilan qanday muomala qilishni bilmasa, qo‘lidagi bor pulni ham samarasiz o‘rinlarga sarflab yuborishi hech gap emas. Shuning uchun har bir individual shaxs moliyaviy bilimlardan o‘ziga keraklicha miqdorda o‘rganishga eʼtibor qaratishi maqsadga muvofiqdir.

Pul muomalasida savodsiz bo‘lish esa kishining moliyaviy tuzoqlarga tushib qolishiga sabab bo‘ladi, masalan qarzlarning ko‘p miqdorda yig‘ilib, kishiga yuk bo‘lishi, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan xarajatlar rejasi yoki uzoq muddatda erishiladigan moliya bilan bevosita bog'liq maqsadlar sari to‘g‘ri qadam tashlay bilmaslik shular jumlasidan. Bu esa o‘z navbatida qarzga botish, bankrotga uchrash, uyingizni garovga qo‘yish kabi bir qancha salbiy oqibatlarga olib borishi mumkin. Bu esa, albatta, hech kimga kerak emas.

Yaxshiyamki, kundan kunga zamonaviylashib borayotgan bugungi zamonda har bir kishi o‘zini o‘zi moliyaviy savodxonligini oshirishga oid kitoblar, videotreninglar kabi resurslar orqali bu ilmni ham osonlik bilan o‘rganib borish mumkin.

Moliyaviy savodxonlik insonlarni jinoyatchilarga aylanib ulgurgan noqonuniy moliyaviy o'yinlarga jalb qiluvchi firibgarlarning aldovlariga tushib qolishdan ham ogoh etadi.

Davomi bor...

Muallif: Jason Fernando

Manba: Investopedia.com nashri

Tarjimon: Qobiljon Alimjanov

×