Oilaviy biznesingizga "kuchli dastak" kerak
Maqola haqida qisqacha: Oilaviy bizneslar o'z imkoniyat doirasida nima bor bo'lsa, shu narsa bilan shug'ullanib, biznes yuritishga odatlangan bo'ladi. Ammo kuchli biznesni qurishning muhim bir jihati borki, u ham bo'lsa, xodimlaringizni hozirda hamda kelajakda sizga kerakli ko'nikma va tajribalarga ega bo'lishlari uchun o'z xissangizni qo'shishdir. Ushbu maqolada oilaviy biznesning funktsional va tashkiliy jihatlarini mustahkamlashga yordam beradigan bir nechta omillar ko'rib chiqiladi. Buning natijasida esa kompaniya yaxshi-yomon damlarda birday gullab-yashnaydi. Bordi-yu biznes haddan ziyod tez rivojlansa, yangi qoidalar va dunyoda ro'y berayotgan boshqa voqealar uni yanada murakkablashtirsa, yoki yuqori malakali ish yurituvchilar to'satdan o'z ishini bajara olmay qolsa, o'z kuchini har qanday vaziyatda ko'rsatib qo'yishga tayyor bo'lgan jamoani tuzayotganingizga ishonch hosil qiling. Shuningdek, bu usul orqali siz xodimlaringizni jamoasi uchun ko'proq samara berishga, yaxshi natijalar uchun ko'proq hissa qo'shishga va butun tashkilotingiz rivojlanishiga sidqidildan yordam berishga ham o'rgatasiz.
Biznes jadal rivojlanayotgan bo'ladimi yoki kompaniya turg'unlik kabi og'ir bir davr oralig'ida qolgan bo'ladimi, xavflarni nazorat qilishning muhim jihati bu tashkilotingiz "dastagining" mustahkamligini ta'minlashdir, ya'ni xodimlarning mas'uliyati oshib borayotgan ishlarga osongina moslashib ketishi uchun yetarlicha mahorat va tajribaga ega bo'lishlarini monitoring qilishdir. Agar biznes tez "o'ssa", yangidan yangi qoidalar va iqtisodiyot olamida ro'y berayotgan turli hodisalar uni yanada murakkablashtirsa, yoki yuqori lavozimdagi menejer va ish yurituvchi ishboshilar to'satdan vazifasini bajara olmay qolsa, xodimlaringiz o'z ishining ko'lamini oshirishga tayyormi?
"Dastak kuchi"ning ahamiyati ko'pincha e'tibordan chetda qoladi; barchamiz guvohi bo'ldikki, shoshilinch harakat asosida faoliyat yuritish chuqur o'ylangan rivojlanish uzra kundan kunga ustunlikka ega bo'lib bormoqda. Oilaviy bizneslar o'z imkoniyat doirasida nima bor bo'lsa, shu narsa bilan shug'ullanib, biznes yuritishga odatlangan bo'ladi. Ular ko'pincha odamlarni kengaytirilgan vazifalarga multifunksionallik keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan qo'shimcha tashkiliy yuklamalarni hisobga olmasdan joylashtiradilar. Quyidagi qadamlar sizning "dastagingiz"ni funktsional va tashkiliy ko'nikmalar tomonlama mustahkamlashga yordam beradi, shunda siz faoliyatingizning yaxshi va yomon kunlarida birday muvaffaqiyat qozonishingiz mumkin:
1. Biznesingiz uchun muhim bo'lgan barcha vazifalarni xaritalashtiring
Hozir eng muhim vazifalarni kimlar egallashini va kelgusida biror baxtsiz hodisa sababli amaldagi xodim vazifasini bajara olmay qoladigan bo'lsa, uning ishini kim bajarishini aniq qilib qo'ying. Ikki yoki undan ortiq vazifalarni shaxs(lar)ni alohida e'tibor ostida saqlang. Shuningdek, bir vaqtning o'zida faol xodimlarni yo'qotish xavfi ostida emasligingizga ham diqqatli bo'ling. Masalan, bir oilaning ikkita a'zosi bir vaqtning o'zida birvarakayiga ishdan ketishga qaror qilishlari mumkin. Bu narsa mijozlarimdan biri bilan sodir bo'ldi. O'rta malakali menejer boshqa shtatda ishga joylashdi, uning ortidan esa oilaviy kompaniyada ishlagan turmush o'rtog'i ham darhol ishdan ketdi.
Kim barcha mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga tayyor?
Kelajakka umidli rahbarlarni ajratib olish oson; ular xodimlari ishda yuksalishini istashadi, bu haqida jamoat joylarida ham tez-tez gapirib turishadi va sodiq xodimlariga muntazam yaxshilik qilishadi. Ammo masalaning ikkinchi tarafi ham bor: sodda, kamtarin liderlar parda ortida qilayotgan ishlarini hech kimga ko'rsatmasdan jimgina ishlayotgan bo'lishlari ham mumkin. Yoki oddiy individualning ishi ham jamoa muvaffaqiyatiga katta turtki bo'lishi mumkin. Ularning muhim hissalariga e'tibor qaratish va kelajakda yanada rivojlanish uchun ularni kuchaytirishi mumkin bo'lgan yangi tajribalar bilan o'rtoqlashish imkoniyatlarini izlang. Misol uchun, mijozlarimdan biri rivojlanayotgan liderlar uchun yangi tashabbuslar bo'yicha muhim guruh ishlarini o'z ichiga olgan dastur yaratdi. Malakali xodimlar dasturning ishlashini kuzatib borishdi va ba'zida guruhning yutuqlariga kimlar (!) sababchi bo'lganini ko'rib, hayratda qolishdi.
Yangi xodimlar biznesingiz asoslarini tushunishiga ishonch hosil qiling
Kamina bir muddat kompaniya ichida o'zgacha fikrlash va yangi istiqbollarni jalb qilish uchun soha tashqarisidan o'rta va yuqori darajadagi boshqaruvchilarni yollagan oilaviy korxonalar bilan ishlaganman. Ammo yangi kelganlar modellarni va ichki biznes qoidalarini yaxshi tushunmasdan, uni buzgandilar. Ya'ni, qanchalik malakali va muvaffaqiyatli bo'lishmasin, ular ishga noto'g'ri yondashdilar va ish jarayonlarining buzilishiga sabab bo'ldilar. Shunda oilaviy korxona rahbarlari vazifalarni tashqaridan kelgan ishchilarga bevosita ishonib topshirish xavfli ekaniga va yangi xodimlarning ko'nikmalariga ko'r-ko'rona ishonmasdan, ularga biznes asoslari bo'yicha tushunchalar berish muhimligiga amin bo'ldilar.
Xodimlarning aql-idrokini rivojlantirish uchun ularga umumiy biznes bilimlarini o'rgating
Ko'pgina oilaviy va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari haddan tashqari qobiqqa o'ralib qolganki, hatto eng kichik lavozimdagi xodimlaridan ham ana shunaqa "yopiq mamlakat" siyosatini olib borishini talab qilishi mumkin. Xodimlarning qisqa va uzoq muddatli qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirish uchun global iqtisodiyot hamda sanoat tendentsiyalaridan xabardor bo'lishga undash bugungi kunning muhim talabidir. Ba'zi oilaviy korxonalar oila a'zolaridan kompaniyaga qo'shilishdan oldin ma'lum yillar mobaynida o'z kompaniyalaridan tashqarida ishlashlari yoki ma'lum darajadagi yetakchilik-rahbarlik qobiliyatiga ega bo'lishlarini talab qiladi; boshqalari esa ayni vaqtda barcha xodimlarini MBA (inglizcha - "Master of Business Administration" - biznes sohasida universitet tahsilini tamomlaganlarga beriladigan maxsus ilmiy daraja) kabi professional ta'limda yoki xodim malakasini sertifikatlash dasturlarida o'qib, bilim-ko'nikmalarini orttirishiga homiylik qiladi.
Ssenariydan foydalanishni talab qiling
Ish boshqaruvchilarga xavfni baholash va kutilganidan yaxshiroq va yomonroq natijalarga asoslangan muqobil variantlarni ishlab chiqishni o'rgating, shuning uchunki, ular o'zlarida turli xil hodisalarga tayyor bo'lish intizomini rivojlantirsinlar. Mijozlarimdan biri byudjetlashtirish, birjani rejalashtirish va xizmat ko'rsatish darajalari kabi bo'limlar uchun A/B/C stsenariylaridan foydalanadi, shu orqali har bir bo'limdagi ishboshilar turli hodisalar uchun qulay rejalashtirishlarga ega bo'ladilar.
Ortga surish o'rniga, faol qarorlar qabul qilishni rag'batlantiring
Ko'pgina oilaviy korxonalar o'zaro kelishuvlar bilan ishlaydi va qarorlar va natijalar haqida hisobot berish uchun koordinator yoki loyiha menejeri sifatida xizmat qiladigan xodimlarga juda ko'p ishonadi. Yangi rahbarlar ba'zan qaror qabul qilish vakolatlarini tajribali loyiha menejerlariga topshiradilar. Oqibatda o'zlari jamoalarining tanlovlari va harakatlari uchun mas'uliyatni zimmalariga olishda zarur tajribaga ega bo'lmaydilar. Eski ishchilar yangi kelganlar muhim qarorlar qabul qilish uchun zarur bo'lgan amaliyotga ega bo'lishlari va zarur vaqtlarda yetakchilik qilishga qodir hamda tayyor bo'lishlarini ta'minlash uchun ular bilan fikr-mulohaza almashishlari va mentorlik qilib turishlari kerak.
Mas'uliyatni kim zimmasiga olishini kelishib oling
Ishlar chappasiga ketganda, kim mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi? Ko'pchilik rahbarlar buni qo'l ostidagilarga taklif qilmasdan turib, o'z bo'ynilariga olmaydilar. Ehtimol, jamoadoshlar maqsadlariga erisholmasa yoki jamoada o'zini to'g'ri tutolmasa, va ayniqsa, ular oila a'zolar bo'lsa, ularni javobgarlikka tortish yanada qiyinroq bo'ladi. Jiddiy suhbatlardan, jumladan, o'z kamchiliklari haqida gapirishdan qochadigan xodimlar jamoalarida samarali ishlashlari va oxir-oqibat kattaroq lavozimlarga ega bo'lishlari uchun trening va murabbiylik kurslari, shuningdek, menejer va rahbarlaridan master klasslar, fikr-mulohazalar hamda aniq ko'rsatmalar olib turishlari zarur.
Xodimingizning sadoqati hamda samimiyligini ularni lavozimga tayinlash oldidan imtihon qilib ko'ring. Chunki...
Odatda, ko'zga ko'ringan xodimlar yuqori funksional ko'rsatkichlari uchun e'tiborga tushadi, xuddiki ular natijaga erishayotgandek ko'rinadi. Bunda ular hamkasblari bilan yaxshi muomala qilishlariga, ularni qadrlashlariga hamda jamoa a'zolariga xayrixohlik ko'rsatishlariga ham alohida e'tibor berish zarur. Hozirda boshqalarga burni ostidan qaraydigan, ularga bosim qilishga urinadigan yoki kamsitadigan bo'lg'usi "ishboshilar" jiddiy aralashuvlarsiz o'zlarini yaxshi tutishlari mumkin emas. Xuddi shu kabi, mijozlarimdan biri ham "aqlliligi", "malakaliligi" va "xushmuomalaligi" bilan rahbarlarini hayratda qoldirdi hamda tezda shu darajaga ko'tarildiki, o'zini boshqalardan ko'ra mutlaq yaxshiroq deb o'ylab qoldi. Buning oqibatida esa kasbiga xiyonat qilib, o'z manfaatlarini o'ylab harakat qilishni, xususan, hamkasblarini manipulyatsiya, vakolatlarini esa suiiste'mol qilishni boshladi.
Orqaga qayting va tezda lavozimi ko'tarilgan xodimni isloh qiling
Ko'pgina kompaniyalarda, agar muhim tashkiliy jihatdan zarurat mavjud bo'lsa va ishchilarning ta'siri tizimli ravishda o'stirilmagan bo'lsa, aqlli, malakali xodimlar juda tez lavozimga ko'tariladi. Ammo har doim qilinadigan ishlar juda ko'p bo'lganligi sababli, ushbu sodiq, mehnatsevar xodimlar "Piter prinsipi"ga, qaysiki ierarxik tashkilotlar odamlarni qobiliyatsizlik darajasiga yetgunga qadar qo'llab-quvvatlash tendentsiyasini ifodalaydigan prinsipga tobe bo'lib qolishlari mumkin. Mijozlarimdan birining qo'l ostida juda samarali faoliyat yuritib kelayotgan savdo vakili "boshqa birorta tuzukroq nomzod yo'qligi" tufayli savdo direktori lavozimiga ko'tarildi. Ammo u shu paytgacha savdoni boshqarish bo'yicha hech qanday trening yoki rahbarlik saboqlarini olmagan edi. Oxir-oqibat u o'z jamoasini muvaffaqiyat sari yetaklash uchun qanday harakat qilishi kerakligini bilmaganidan, toki mentor yordamini olmaguncha, ishini yo'qotish ostonasigacha bordi.
Hozirgi xodimlaringizning oilaviy biznesingizda keskin o'zgarishlar yuz bergan taqdirda ham moslashib ishlab keta olishlariga ishonch hosil qilish uchun ularning potensiallarini to'g'ri baholash va malakalarini uzluksiz oshirib borishlariga diqqatli bo'lish - vaqt va kuch sarflashga arziydigan jarayondir. Ushbu yondashuvlardan foydalanish ularning olib borayotgan amaldagi faoliyatlarini yanada yaxshilaydi. Bu ularning yanada mahsuldorroq ishlashida, jamoaga va butun tashkilot rivojlanishiga xissa qo'shishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek ularni siz bilan birga o'sishga undaydi.
Muallif: Liz Kislik
Manba: HBR.org
Qobiljon Alimjanov
×