Birinchi usul - Kirim-chiqimlaringizni yozib borish
Pul maqsadlaringizga erishish uchun vosita hisoblanadi. U oilangiz uchun qulay ijtimoiy muhit va barqaror turmush sharoiti yaratishda, kelajak uchun rejalar tuzishni osonlashtirishda va uzoq yillik maqsadlaringiz uchun mablag' jamg'arib borishingizda muhim rol o'ynaydi.
Pulni siz uchun ishlashga majbur qilish nima degani?
Bu mablag'laringizni nazorat qilishingiz, keyin ana shu nazoratdan moliyaviy barqarorligingiz va xavfsizligingizni muntazam yaxshilab borishingiz uchun foydalanishdir.
Bu bilan siz moliyaviy mustaqillikka erishishingiz va sarmoya kiritish orqali boylik ham to'plashingiz mumkin bo'ladi. Biroq pulingiz qayoqqa sarflanayotgani va undan foydalanish yo'llari haqidagi tushunchalarga ega bo'lmay turib yuqoridagi jihatlarning birortasida ijobiy natijaga erishish mushkul.
Kirim-chiqimlaringizni yozib borishni o'rganing
Bu usul pulingizni nazorat qilish tarzini o'zgartiruvchi asosiy usul hisoblanadi.
Qachonki siz xarajat va daromadlaringizni yozib borsangiz, pullaringiz qayerdan kelayotgani va ularni qayerga sarf etish maqsadga muvofiq ekanligini bilib olasiz. Ya'ni pulingizni rejasiz sarflab yuborganingizdan ko'ra, uni o'zingiz xohlagandek tasarruf qila olasiz.
Bu muhim: kirim-chiqimlar ro'yxatini tuzishdan maqsad topayotgan pulingizdan kamroq pul sarflashdir.
Siz byudjet daftarchasidan quyidagilar uchun foydalanishingiz mumkin:
- Xarajatingizni qisqartirish
- Pullaringiz qayerga ketayotganini bilish
- Keraksiz xarajatlardan saqlanish
- Qarzlaringizdan qutulish
- Yana qarz olishdan ehtiyot bo'lish
- Ahamiyatli bo'lgan o'rinlarga pul ajratishni qadriyatga aylantirish
- Qora kunga pul jamg'arib qo'yish
Albatta, moliyaviy qaydlarni yozib borish bir oyda bir marta qilib qo'yadigan ish emas. Bu siz har kuni bajaradigan kundalik vazifangizga aylanishi kerak. Siz katta xarajatlarga tayyor turish yoki kunlik chiqimlaringiz uchun "kunlik hisobot"larni yozib borishingiz mumkin.
Agar qancha mablag'ingiz borligini bilsangiz, siz uni qayoqqa saranjomlashni ham bilasiz. Qachonki ehtiyot bo'lib xarajat qilsangiz, moliyangizni nazorat qila olasiz. Bu pullaringiz sizni boshqarishidan ko'ra, shubhasiz, yaxshiroqdir.
Davomi bor...
Manba: "thebalance.com" nashri
Qobiljon Sobirjon o'g'li tarjimasi