Samsung foydalanuvchilarni kaft bo'yicha aniqlash tizimini patentlashtirdi
Zamonaviy smartfonlarning aksariyatida ularga kirishni himoyalash uchun nafaqat parol, balki biometrik skanerlar ham qo'llanadi. Qoidaga ko'ra, bu barmoq izlari skanerlaridir, biroq ba`zi kompaniyalar murakkabroq tizimlarni yaratishmoqda. Misol uchun, Samsung ba`zi smartfonlariga ko'z rangdor pardasi skanerini, Apple esa yuzni 3D-skanerlashni joriy qilmoqda. Biroq rostini aytganda, ikkala tizimni ham buzib kirish yo'llari topilgan.
Endi esa Samsung muhandislari mobil telefonlar uchun foydalanuvchilarni aniqlashning noodatiy tizimini yaratishga qaror qilishdi. Samsung’ning bu tizimga patent olish uchun bergan arizasida aytilishicha, mualliflar foydalanuvchining shaxsini tasdiqlash uchun uning kaftidagi chiziqlardan foydalanishni taklif qilishmoqda. Biroq qayd qilish joizki, ushbu tizim qurilmaning o'ziga kirishga ruxsat bermaydi, balki unutib qo'yilgan parolni eslashda yordam beradi.
Foydalanuvchi parolni unutib qo'ysa, u kaftini smartfon kamerasi uni suratga oladigan qilib oldinga cho'zishi kerak. Agar smartfon xotirasidagi kaft tasviri suratdagi kaft bilan bir xil bo'lsa, unda tizim parolni noodatiy tarzda ekranda chiqaradi. Paroldagi belgilar kaft suratiga shunday tushiriladiki, belgilarning bir qismi bo'lmaydi, kaft chiziqlari esa belgining yetishmayotgan qismi bo'lib xizmat qiladi. Taqdim qilingan suratda ushbu tizim orqali esdan chiqqan parolning tasvirlanishiga misol keltirilgan.
Smartfon yordamida foydalanuvchilar shaxsini tasdiqlovchi noodatiy usullar bor. Misol uchun, Yahoo muhandislari buning uchun foydalanuvchi qulog'ini smartfon ekraniga bosishni taklif qilishgan.
Manbaa: kun.uz