Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari: “O‘zbekistonda eksport hajmi 2022-yilgacha 2,5 barobarga ortadi”

Islohot 29-12-2017 1619

Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda tashqi savdoni erkinlashtirish, eksport salohiyatini oshirish sohada amalga oshirilgan tizimli ishlarning asosini tashkil etdi.

Eksport qilinadigan barcha tovar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari, litsenziyalash va eksport qilish tizimi bekor qilindi, barcha import cheklovlari olib tashlandi. 60 foizdan ziyod tovar turlari uchun nol qiymatda bojxona to‘lovlari belgilandi. Shu tariqa O‘zbekistonda bojxona boji 6,45 foizgacha kamaytirildi.

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2017-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular haqida so‘z yuritildi.

2017-yil barcha sohada bo‘lgani kabi tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, chet el bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar eksportini va turlarini ko‘paytirish uchun zarur sharoitlar yaratildi. Masalan, eksportni rag‘batlantirish maqsadida mahsulotlarga oldindan to‘lovlarni amalga oshirishdan voz kechilib, kafolat majburiyatlarini olmasdan tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tizimi yaratildi. Litsenziyalashdagi eskirgan tartiblar bekor qilindi, eksport uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi.

Shuningdek, eksport bitimlari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati 120 kungacha uzaytirildi. Bojxona tizimi bo‘yicha ham tadbirkorlar uchun qator qulayliklar yaratildi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish haqida so‘z borganda, milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish imkoniyatining yaratilganini ta’kidlash zarur. 2017-yil sentabr oyidan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, eksportdan tushgan valyutaning bir qismini majburiy sotish tizimi bekor qilingani kichik va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlashni yanada rag‘batlantirish va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini bermoqda.

Joriy yil ham tashqi iqtisodiy sohada xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish siyosati davom ettirildi. 2017-yil 20 dan ziyod oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Buning natijasida 11 milliard AQSh dollarilik eksport shartnomalari tuzildi.

Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarovning qayd etishicha, ayni paytda 2018-2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasining eksport faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Ushbu konsepsiya Harakatlar strategiyasi ijrosini izchil ta’minlash, mamlakat eksport salohiyatini yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish hisobidan kengaytirishni tashkil etishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Uning hayotga muvaffaqiyatli joriy etilishi kelgusida mamlakatimiz eksport hajmini 2,5 baravarga oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda vazirlik tomonidan 2018-yilda tashqi savdoni rag‘batlantirishni davom ettirish borasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Manbaa: uza.uz

×