Yangi sohada bilim va tajriba qanday hosil qilinadi? - Kasbni almashtirishga yordam beradigan sakkizta qadam

Strategiya 25-09-2022 814
Yangi sohada bilim va tajriba qanday hosil qilinadi? - Kasbni almashtirishga yordam beradigan sakkizta qadam

Ko’proq ish haqi, ishda ko’proq quvonch yoki ko’tarilishni xohlaysizmi? Yangi sohada tajriba orttirishga qaror qilganingizning sabablari nima bo’lishidan qat’iy nazar, masala bunga qanday erishishdadir.

Maqsadingiz, shubhasiz, ushbu maydonda muammolarni tashxislashga va imkoniyatlarni bir nechta kontekstda baholashga qodir bo’lgan tezkor va oqilona qaror qabul qiluvchi bo’lishdir. Siz men “chuqur aqllilar” deb ataydigan narsani - biznes uchun tanqidiy yondashuvchi, tajribaga asoslangan bilimlarni xohlaysiz. Odatda, bunday aqlning rivojlanishi uchun yillar kerak bo’ladi; unga erishish uchun mashaqqatli mehnat qilinadi. Ammo bu boshqa sohaga o’tish uchun juda kech degani emas. Sizda hali imkoniyat bor. Quyidagi qadamlar bunday tajribaga ega bo’lishingizni tezlashtirishi mumkin.

Ishxona/korxonadagi eng yaxshi namunalarni aniqlang. Nima qilishni xohlayotganingizni kim yaxshi biladi? Qaysi mutaxassislar hamkasblari hamda bevosita rahbarlari tomonidan yuqori darajada hurmat qilinadi? Siz kimga taqlid qilmoqchisiz?

O’zingiz va ular orasidagi farqni tahlil qiling. Bu o’z-o’zini shafqatsiz taftish qilishni talab qiladi. O’zgarishlar qancha mehnat talab qiladi va siz buni qabul qilishga tayyormisiz? Agar bilimlardagi farq juda kichik ekanligini aniqlasangiz, bu sizga ishonch bag’ishlaydi. Agar uning haqiqatan ham katta ekanligiga amin bo’lsangiz, chuqur nafas oling va sizda bu farqni yo’q qilish uchun jasorat bor yoki yo’qligi haqida yaxshilab o’ylab ko’ring.

Mustaqil o’rganishni yo’lga qo’ying. Ayniqsa, siz va yangi maydondagi mutaxassislar o’rtasida bilim darajasidagi farq katta bo’lsa, uni yopishni boshlash uchun mustaqil ravishda nima qilishingiz mumkinligini o’ylab ko’ring. Self-study (mustaqil ta’lim olish jarayoni), bilimdon hamkasblar bilan suhbatlashish hamda ba’zi onlayn kurslar ham sizga yordam bera oladi.

Mutaxassislarni tajribalarini baham ko’rishga ko’ndiring. Ko’pchilik o’z bilganlarini yangi kelgan hamkasabalariga o’rgatishdan - ayniqsa ular gapiradigan mavzularda fundamental bilimlarga ega bo’lsangiz - mamnun bo’ladi. Ammo ba’zilar ehtimoldagi ko’plab sabablarga ko’ra bunday hamkorlikdan bosh tortishi mumkin. Masalan, bunday suhbatlarga ishdan ortib, vaqt topolmasliklari mumkin yoki bu suhbatlar oqibatida kelib chiqadigan bahsli masalalardan qo’rqish kabi sabablar bunga misol bo’la oladi. Ularning sizga ko’rsatadigan munosabati ham ularning shaxsiyatiga, ham tashkilot madaniyatiga bog’liq. Sizga yordam berish ularga ham bir usulda foyda keltirishi kerak. Masalan, sizdan ugina, bizdan bugina degandek, ular uchun bajarish malol keladigan, ammo siz uchun yangilik bo’lgan ba’zi kundalik vazifalarni o’z zimmangizga olishingiz mumkin. Agar tashkilotda haqiqiy menejerlar mavjud bo’lsa, ular iste’dodni rivojlantirish uchun malakali xodimlar tomonidan kiritilgan har qanday sarmoyani mukofotlashi zarur. Yangi narsalarni o’rganish uchun vaqt oz bo’lishi mumkinligi yodingizdan ko’tarilmasin; savollaringizni so’rash uchun tushlik paytidagi qisqa tanaffuslarni ham g’animat biling.

Bilimni “so’rib” olishni o’rganing. Bu uchun siz yirtqich qush hamda kananing kombinatsiyasiga aylanishingiz kerak – bunday odam burgut ko’zlar bilan imkoniyatlarni qidiradi va yangi bilimlarni o’zlashtirishga, ta’bir joiz bo’lsa, kanadek yopishib oluvchi bo’ladi. Mutaxassislar sizga o’zlarining eng muhim nou-haularini (tarj. bu o’rinda qimmatli bilim va ko’nikmalar nazarda tutilmoqda) osonlik bilan aytib berishlarini kutmang. Bu mumkin emas (chunki ular har safar vaziyatga qarab, unga qanday yondashish kerakligini bilishadi), chunki bu ular uchun haqoratli (tajribalarini asl mohiyatidagidek yetkazib berish oson bo’lganda, ularning bilimlari bunchalik qadr-qiymatli bo’lmas edi) va ikkalangiz uchun ham hafsalani pir qiladigan bir holdir. Buning o’rniga, bilim olishda ikkita eng kuchli savoldan foydalaning: “Nima uchun?” va “Menga misol keltira olasizmi?”

Mutaxassislarning harakatlarini kuzating. Diqqatli kuzatish yuzaki suhbatlardan ko’ra ko’pincha samaraliroq bo’ladi, chunki u sizga real vaqtda qanday fikrlash va harakat qilish lozimligini o’rgatadi. Shuning uchun rahbaringizdan muhim uchrashuvlarda birga qatnashishni iltimos qiling, ularni konferensiyalarga tashrif buyurishda kuzatib boring, muammolarni hal qilishda ham ularga ergashing. Bu harakatlar passiv jarayondan uzoqdir; kuzatish davomida siz doim o’zingizdan so’rashingiz kerak: “Nega u bunday qildi?”, “Bu ishning oqibati qanday bo’ldi?”, “Men buni boshqacha qilgan bo’larmidim?” va hokazo. Shuningdek, avtomobillar to’xtash joyiga piyoda yurib borish paytida bo’lsa ham rahbaringiz yoki mentoringizdan qisqacha ma’lumot olish uchun bir necha daqiqa ajratishlarini iltimos qiling.

Kichik tajribalar amalga oshiring. Keyingi qadam, men o’zimning “Tanqidiy bilimlarni ulashish” kitobimda ta’riflaganimdek, mutaxassisni tashkilot uchun kerkli va qimmatli qilgan ba’zi bir muhit, vaziyatlar yoki rollarni boshdan kechirish imkoniyatlarini aniqlashdir. Ehtimol, siz o’zingiz havas qilayotgan shifokordek MRT mutaxassisi bo’lishdan oldin tibbiyot maktabiga bora olmaysiz, ammo bir hafta davomida biror shifokorning ofisida vaqt o’tkaza olasiz. Shuningdek, o’zingiz taqlid qilayotgan super savdo menejeri singari faoliyatingizni kompaniyaning qo’ng’iroq markazida boshlamagan bo’lsangiz ham, albatta, telefonlar orqali tushayotgan murojaatlarga javob berib, bir necha kun bu borada ham tajriba orttirib ishlab ko’rishingiz mumkin. Mutaxassisning fikr-mulohazalarini ifodalaydigan kontekstni chuqurroq tushunishini ta’minlaydigan har qanday mini-tajriba sizga yangi boshlagan ishingiz haqida keng hamda salmoqli tushuncha olishga yordam beradi. Bundan boshqa hech qanday chora bo’lmasa, yaxshiroq savollar berish va bilimlarni yanada samaraliroq “so’rib olish” uchun yaxshilab “qurollanasiz”.

Qiymat qo’shing. Mutaxassislar hamda bo’lajak boshliqlaringiz bu ishlarning barchasi o’z samarasini berayotganining ba’zi dalillarini ko’rishni xohlashadi. Siz qilgan va o’rgangan narsalaringiz hisoboti harakat va taraqqiyot trayektoriyangizni ko’rsatib beradi. Ammo agar haqiqatan ham mutaxassisning u voz kechmoqchi bo’lgan (yoki bajarishga ishtiyoqi yo’q bo’lgan) ishlarining kichik qismini o’z zimmangizga olishingiz mumkin bo’lsa, yana ham yaxshi. Masalan, siz konferensiya yoki uyushma yig’ilishida qatnashishingiz yoki hisobot tayyorlashingiz mumkin.

Tajriba va bilimni oshirib borish vaqt talab etadi. Hisob-kitoblar bizga bu uchun odatda yetti yil yoki undan ko’proq vaqt kerakligini aytadi. Ammo agar yuqorida tavsiya etilgan jihatlarni amalga qo’llasangiz, maqsadingizga maksmal darajada tezroq yetish uchun yuqori darajada samara keltiradigan taktikalarga ega bo’lasiz.


Muallif: Dorothy Leonard
Manba: HBR.org

Qobiljon Alimjanov

×